Ko‘p qavatli uylardagi noqonuniy qurilishlar
Ma’lumki, ko‘p qavatli uylarda yashash va foydalanishning o‘ziga yarasha talablari bor. Jumladan, xavfsizlik va seysmik holatlarni inobatga olgan holda kvartiralar ichki qismi, devorlarini o‘zboshimchalik bilan buzish va o‘zgartirish, uylarga tutash hududlarda qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi. Shuningdek, yong‘in xavfsizligi talablariga bo‘ysunish, boshqa fuqarolar xavfsizligini ta’minlash talab etiladi.
Afsuski, bu talab va me’yorlarga hamma ham birdek rioya etavermaydi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida yashovchilar tomonidan xonadonning tashqi tomoniga tutash hududlarda o‘ziga xos imorat va inshootlar qurib olish keyingi paytda urfga aylandi.
Misol uchun, Farg‘ona shahar “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchilar tomonidan shunday qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Hududdagi 116, 116-A, 120-uylarning birinchi qavatidagi ba’zi xonadonlar egalari tutash hududlarga o‘zboshimchalik bilan shiypon, oshxona, omborxona kabi imoratlar qurib olgan.

– Fuqarolar bilan muntazam tushuntirish ishlari olib boryapmiz. Ayrimlar qonun talablarini to‘g‘ri qabul qilib, o‘z vaqtida noqonuniy qurilishlarni bartaraf etmoqda. Ogohlantirish va ko‘rsatmalarni pisand qilmay, qo‘lbola imoratlarini buzishni istamayotgan fuqarolar ham bor. Ularga nisbatan jarima qo‘llanilib, oxir oqibatda sud ko‘rsatmasiga binoan bunday inshootlar buzilmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining Ko‘p qavatli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Murodjon Axunboyev. – Yurtdoshlarimizdan ushbu talablarni to‘g‘ri tushunishlarini, uylardagi boshqaruv servis kompaniyalar mas’ullaridan esa aholiga tushuntirish-targ‘ibot ishlarida faol hamkorlik qilishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim. Axir, o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan har bir qo‘shimcha qurilish imoratlarning butunligi va xavfsizligiga putur yetkazadi, yong‘in xavfsizligini ta’minlashga xalaqit qiladi.

Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining Ko‘p qavatli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi xodimlari tomonidan joriy yil davomida 1 ming 178 ta ko‘p xonadonli uylarda o‘rganishlar olib borildi. O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida viloyatdagi ko‘p qavatli uy-joy fondlari va ularga tutash hududlarda mulkdorlar tomonidan xonadonlar ichki qismi va yerto‘la devorlariga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritish, uylarga tutash hududlarda noqonuniy qurilmalarni qurish holatlari aniqlandi.

Noqonuniy qurilmalar va xonadon ichki devorlariga kiritilgan o‘zgartirishlarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish yuzasidan 213 ta majburiy ko‘rsatmalar berilgan. Bu holatlarning 57 tasi fuqarolar tomonidan o‘z muddatida ixtiyoriy bartaraf etilgan bo‘lsa, 64 ta holatda inspeksiya tomonidan berilgan majburiy ko‘rsatmalar talablarini bajarmaslik bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 159-moddasiga asosan, jami 330,7 million so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. 32 ta ish materiallari bo‘yicha esa da’vo arizalari Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga kiritilgan.
Bugungi kunda Prezidentimizning 2023 yil 16 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bo‘yicha hududlarda tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri