Kooperatsiya aloqalari mustahkamlanmoqda
Nukusda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Nukusda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 13-martdagi “2015-yilda Xalqaro sanoat yarmarka va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan yarmarka mahalliy xomashyo asosida raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarayotgan yirik sanoat korxonalarining kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorligini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
– Yarmarkada ishtirokchilar va xaridorlar uchun barcha sharoit yaratilib, korxonalarga shu yerda tuzilgan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnomalar ijrosi bo‘yicha qator imtiyozlar berildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasi direktori o‘rinbosari S.Ismatov. – Xususan, mahalliylashtirish dasturi yoki eksport kontrakti asosida mahsulot yetkazib beruvchilarning shartnomalari qo‘shimcha talablarsiz yarmarkaning o‘zida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Byudjet tashkilotlarining yarmarka davrida tuzilgan va o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnomalari qo‘shimcha talablarsiz moliyalashtiriladi.
Sanoat yarmarkasining ko‘lami kengayib, ishtirokchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Masalan, o‘tgan yilgi yarmarkada 215 korxona va tashkilot o‘z mahsulotini namoyish etib, 10,6 milliard so‘m miqdoridagi shartnomalar imzolangan bo‘lsa, joriy yilda 300 ga yaqin korxona 3 mingdan ziyod turdagi mahsuloti bilan qatnashdi. Yarmarkada Toshkent shahri, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlaridan ellikka yaqin korxona ham ishtirok etdi.
Tadbir doirasida oziq-ovqat va to‘qimachilik mahsulotlari, tozalash vositalari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qurilish ashyolari kabi 30 xildan ziyod yangi mahsulotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
– Yarmarkada ilk bor o‘z mahsulotimizni namoyish etmoqdamiz, – deydi “Nukus evro stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ozod Shimbergenov. – Asosan qurilish-pardozlash materiallari ishlab chiqarayotgan korxonamizda 10 dan ziyod yosh mehnat qiladi. Yaqinda ikki xil yangi mahsulot – emal bo‘yog‘i hamda fasad uchun travertin qoplamasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi yarmarkada xaridorlarimiz yanada ortib, ko‘plab shartnomalar imzoladik.
Nukus shahridagi “Kardar” ko‘ptarmoqli ishlab chiqarish korxonasi tomonidan namoyish etilgan mini-traktor, metalldan yasalgan turli eshik, to‘siq va panjaralar, istirohat bog‘lariga o‘rnatishga mo‘ljallangan o‘rindiqlar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Sanoat yarmarkasida 12 milliard so‘mlikdan ziyod ikki tomonlama manfaatli shartnomalar tuzildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi B.Yangiboyev so‘zga chiqdi.