KOOMET Qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi
Poytaxtimizda Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosi (BIPM)ning mintaqaviy tashkiloti KOOMET Qo‘mitasining navbatdagi 36 yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Slovakiya, Bosniya va Gersegovina, Qozog‘iston, Xitoy kabi 17 mamlakatdan mehmonlar qatnashdi.
Xalqaro anjumanda metrologiya sohasidagi faoliyatni xalqaro talablar asosida uyg‘unlashtirish, xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlarni jadallashtirish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan konstruktiv va intensiv aloqalar kabi masalalar muhokama etildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi soha rivoji yo‘lida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosi (BIPM) ning mintaqaviy tashkiloti KOOMET bilan hamkorlikda o‘lchashlar natijalari xalqaro darajada e’tirof etilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Davlat metrologiya muassasalarining Yevroosiyo hamkorligi tashkiloti doirasida o‘z ishtirokini sezilarli darajada oshirishga erishdi.
[gallery-17708]
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, KOOMET – Xalqaro tarozilar va o‘lchovlar byurosi (BIPM)ning mintaqaviy tashkiloti bo‘lib, 1991 yilda tashkil etilgan. Hozirda KOOMETga Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Bolgariya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Gruziya, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Kuba, Moldova, Rossiya, Slovakiya, Tojikiston, Turkiya va O‘zbekiston kabi 17 ta mamlakatning metrologiya institutlari a’zo bo‘lgan.
KOOMETning asosiy maqsadi a’zo davlatlarda metrologiya sohasini rivojlantirish va o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash masalalarini samarali hal qilishga ko‘maklashish, shuningdek, o‘lchash natijalari va sifat menejment tizimlarini xalqaro darajada e’tirof etilishini qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.
Yig‘ilishning kun tartibiga KOOMET tashkiloti prezidentligiga saylov masalasi kiritilgan. Ushbu lavozimga O‘zbekiston vakili nomzodi berilishi ahamiyatlidir.
Ma’lumot o‘rnida shuni takidlash lozimki, 2023 yil oktyabr oyida KOOMET ma’muriy boshqaruvida o‘zgarishlar amalga oshirilib, O‘zbekiston vakili O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori KOOMETning “Qonunlashtiruvchi metrologiya sohasida hamkorlik” masalalari bo‘yicha vitse prezidenti etib saylandi. Shu bilan birga, KOOMETning “Qonunlashtiruvchi metrologiya” texnik qo‘mitasi rahbari O‘zbekiston vakili hisoblanadi.
KOOMET Nizomiga asosan tashkilotga 3 yil muddatga saylanadigan prezident rahbarlik qiladi. Prezidentlikka nomzod tashkilotga a’zo davlatlar vakillarining nomzodini ilgari surish orqali amalga oshiriladi. A’zo davlatlar tomonidan yopiq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.
– O‘zbekiston vakilining prezident etib saylanishi mamlakatimiz metrologiya tizimining mavqeini oshirish bilan birga, Xalqaro sifat infratuzilmasi indeksi – Global Quality Infrastructure Index-GQII’da o‘rnining yuqorilashiga zamin yaratadi, – deydi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori Lazizbek Saidoripov. – Qaysi sohada bo‘lmasin, xalqaro maydonga chiqib, unda munosib o‘rin egallash oson kechmaydi. Buning uchun malakali mutaxassislar zarur. So‘nggi yillarda sohaga 10 dan ortiq xalqaro ekspertlar jalb etildi. 50 nafardan ziyod mutaxassislarimiz Germaniya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Moldova, Belarus va boshqa davlatlarda malaka oshirib qaytdi. Kalibrlash va o‘lchash sertifikatlarining 102 ta davlat tomonidan o‘zaro e’tirof etilishini ta’minlash maqsadida Yevrosiyo davlat metrologiya tashkilotlari hamkorligi doirasida 12 ta solishtirish loyihalari bo‘yicha yaqin hamkorlik o‘rnatildi.
Ilmiy-texnik faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida umumiy qiymati 3,7 milliard so‘m bo‘lgan jami 3 ta innovatsion loyiha bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Natijada qiymati 10,2 milliard so‘mlik 7 ta yangi loyiha Innovatsion rivojlanish agentligiga taqdim etildi.
Shahnoza Mamaturopova, Rustam Nazarmatov (surat)
O‘zA