“Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33-yilligi munosabati bilan Guliston shahrida “Konstitutsiya ko‘chasi” ochildi. Bu ochilish aholi va yoshlar orasida huquqiy bilimlarni keng targ‘ib qilish, qonun ustuvorligini mustahkamlash va huquqiy ongni yuksaltirishga qaratildi.
Mazkur ko‘chada adliya boshqarmasi, prokuratura, ichki ishlar, bojxona va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan “Huquqiy maslahat burchaklari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda aholi va yoshlar Konstitutsiyada mustahkamlangan huquq va erkinliklar, shuningdek, kundalik hayotda uchraydigan huquqiy masalalar yuzasidan bepul maslahatlar olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

“Konstitutsiya ko‘chasi” doirasida konstitutsiyaviy taraqqiyot bosqichlarini yorituvchi tarixiy hujjatlar, ilg‘or tajribalar va statistik ma’lumotlar namoyish etildi. Shuningdek, shaxsiy huquq va erkinliklarni aks ettiruvchi turli ko‘rgazmalar aholi e’tiboriga taqdim qilindi.

Sirdaryo yuridik texnikumi o‘quvchilari tomonidan Konstitutsiya bo‘yicha viktorinalar, chellenjlar tashkil etildi. Ushbu interaktiv mashg‘ulotlar yoshlar orasida huquqiy bilimlarni oshirish va ularni qonunchilikka qiziqtirishda muhim ahamiyat kasb qiladi.

– Konstitutsiya bayrami arafasida Guliston shahrida “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etilgani men uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi, – deydi mehnat faxriysi Ma’mur bobo Yo‘ldoshov. – Bir necha huquqiy masala bo‘yicha savollarim bor edi. Quvonarlisi, ushbu savollarimga huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga bormasdan, shu yerda mutaxassislardan javob oldim. Bu kabi tadbirlar nafaqat bir kunda, balki yil davomida muntazam yo‘lga qo‘yilsa, aholimiz uchun anchayin foydali bo‘lardi.

Tadbir ishtirokchilari “Konstitutsiya ko‘chasi”ning zamonaviy va interaktiv shaklda tashkil etilganini, bu orqali aholi va yoshlar uchun huquqiy ongni yuksaltirish va Konstitutsiya talablarini keng targ‘ib qilish imkoniyati yaratilganini e’tirof qilishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri