Konstitutsiya bilimdonlari aniqlandi
Nukusda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida” loyihasi doirasida o‘tkazilgan “Konstitutsiya bilimdoni” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, yoshlarning huquqiy madaniyatini shakllantirish, eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarini bilish, ularga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Partiya tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Konstitutsiya bilimdoni” ko‘rik-tanlovi ham ayni shu maqsadlarni o‘zida mujassam etadi.

Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari o‘zlarini tanishtirish, savol-javob va “Partiya mening nigohimda” deb nomlangan 3 ta shart bo‘yicha o‘z iqtidor va bilimini namoyish etdi. Hakamlar hay’ati tomonidan ularning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Saylov kodeksi” hamda siyosiy partiyalar to‘g‘risidagi bilimiga, sahna madaniyatiga amal qilishi hamda notiqlik mahoratiga alohida e’tibor qaratildi.

Ko‘rik-tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Nukus shahridagi 47-umumta’lim maktabining 11 sinf o‘quvchisi Allabay Tursinbayev egallab, O‘zbekiston Respublikasi bosqichiga yullamani qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Amudaryo tumani 40-umumta’lim maktabining 11 sinf o‘quvchisi Shirin Sharipova, uchinchi o‘ringa Nukus tumanidagi 1-umumta’lim maktabining 11 sinf o‘quvchisi Anjim Uzakbergenova sazovor bo‘ldi.

G‘olib va ishtirokchilar partiyaning faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA