Konstitutsiya bayramiga bag‘ishlangan musobaqa
Nukusda O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan «Asosiy qomusimiz tinchlik va farovon hayotimiz asosi» shiori ostida maktab o‘quvchilari o‘rtasida shaxmat musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi matbuot xizmatining O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, shaxmat federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, o‘quvchilarni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, sog‘lom turmush tarzini va sportni targ‘ib qilishdan iborat.
Musobaqaning ochilish marosimida ta’kidlanganidek, shaxmat o‘yini o‘sib kelayotgan yosh avlodning aqlan yetuk bo‘lishiga, shu orqali Konstitutsiyamiz va uning asosida qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati to‘g‘risidagi huquqiy bilimlarini yanada oshirishga, huquqiy ongi va madaniyatining yuksalishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Unda ishtirok etgan maktab o‘quvchilari turli yosh toifalariga bo‘lingan holda o‘zaro g‘oliblik uchun bellashdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, 10-11 yosh oralig‘ida o‘tgan bellashuvda Rinat Sultanov birinchi, Mirzabek Saparov ikkinchi, Azizbek Azatov uchinchi, 14-17 yosh oralig‘idagi qizlar o‘rtasida Biybijamol Xojamuratova birinchi, Dilfuza Mustafayeva ikkinchi, Aynur Utegenova uchinchi, er bolalar o‘rtasida Oltinbek Qalmurzoyev birinchi, Azamat Qodirboyev ikkinchi, Ilya Bozorboyev uchinchi o‘rinlarni egallashdi.
G‘oliblar hamda faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA