Ko‘ngillarda shukronalik, tilda duolar
Ayni kunlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Umra safariga yuborilgan kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turuvchi xonadon vakillari hamda faxriylar ziyoratni ado etib, dastlabki guruhlar yurtimizga qaytib kelmoqda.
Farg‘ona viloyatidan ham tanlab olingan yuz nafarga yaqin ana shunday ehtiyojmand fuqarolar Umra ziyoratidan qaytib kelishdi. Ular orasida rishtonlik Burahima G‘aybullayeva ham bor.

– Dastlab hajga borishimni aytishganda, rosti, ishonmagandim. To‘g‘ri, oz-moz jamg‘argan mablag‘im bor edi-yu, lekin muborak safar uchun yetmasligidan gohida yuragim ezilardi, – deydi Rishton tumani “Minor” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Burahima momo. – Hajga borib kelganlarni ko‘rsam, eshitsam, bizgayam shunday kun nasib qilarmikan, deya umidvor bo‘lardim. Qalbimning bir chetida orzu-niyat cho‘g‘ bo‘lib turardi. “Yaxshi niyat – yarim davlat” deb bejiz aytilmagan ekan.
Sakson yoshli momoning uch farzandi bor: ikki qiz, bir o‘g‘il. 49 yashar o‘g‘li tug‘ma nogiron. Garchi ismi Ulug‘bek bo‘lsa-da, negadir oiladagilar Umidjon deb o‘rganishgan. Sog‘ayib ketishiga, tengqurlari kabi o‘ynab-kulishiga umid bildirib ikkinchi nomni berishgandir balki...
Tuman markazidagi bolalar bog‘chasida 36 yil enaga bo‘lib ishlagan Burahima aya hech qachon hayotidan nolimadi. 2011 yili suyanchi – turmush o‘rtog‘i vafot etganda bir qalqidi-yu, o‘zini yo‘qotmadi. “Umidjonim uchun yashashim kerak, yengilmasligim shart” dedi o‘ziga-o‘zi. Ana shu g‘ayrat, shijoat hanuz tark etmagan momoni.

– Prezidentimizga ming tashakkur. Biz kabi o‘ksik ko‘ngillarga nur olib kirdi. Yonimizdan bir so‘m ham sarflamay, umra amallarini to‘liq bajarib qaytdik. Hukumatimizni, hokimlarimizni duo qildik muqaddas joylarda turib. Yurtimizda abadiy tinchlik-xotirjamlik bo‘lishini, xalqimizni mehr-oqibat, qut-baraka tark etmasligini so‘rab iltijolar qildik.
– Xuddi tushdek kechdi ziyorat kunlarimiz, – deya taassurotlarini o‘rtoqlashadi hoji momo. Xayrlashish uchun duoga qo‘l ochilgan payt, garchi gapirolmasa-da, yonimizga mushtipar onaning dilbandi – Ulug‘bek ham kelib turib oldi, qo‘llarini qovushtirdi...
Yuraklarimiz titrab, ko‘zlarimiz porladi. Inson qadri ulug‘lanuvchi, insonparvar tashabbuslar qanot yoygan diyorda yashayotganimizdan, shu mamlakatga daxldorlikdan baxtiyorlik, faxru iftixor tuyg‘ulari jo‘sh urdi.
M.Sulaymonov, O‘zA