Komil Sindarov: “Ko‘pchilik O‘zbekistonning chempion bo‘lishini kutdi va yigitlarimiz buni uddaladi”
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari bilan uchrashib, ularga davlat mukofotlarini topshirdi.
– Butunjahon shaxmat olimpiadasi biz uchun omadli keldi, – dedi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindarov. – Mamlakatimizning birinchi raqamli jamoasi tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritib, ikkinchi bor Olimpiada chempioni degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi. Bu safar shaxmat mutaxassislari va butun dunyo nigohi O‘zbekistonga qaratilgan edi. To‘g‘ri, Chennaidagi Olimpiadada oltin, Budapeshtda esa bronza medalini qo‘lga kiritganmiz. Biroq o‘shanda biz favoritlar qatorida emasdik, reytingimiz ham boshqalarnikidan ancha past edi. Bu safar esa shaxmat olami bizdan aynan shunday natijani kutdi. Ko‘pchilik O‘zbekistonning muqarrar chempion bo‘lishini taxmin qilgandi va yigitlarimiz bu ishonchni to‘la oqladi.
Shu o‘rinda parashaxmatchilarimizning yutug‘ini ham alohida e’tirof etish lozim. Ochig‘ini aytganda, ular avvaldan asosiy da’vogarlar safida emas edi. Albatta, ichimizdan buni juda xohlagandik, biroq musobaqada Polsha va Yevropaning boshqa kuchli terma jamoalari ishtirok etayotgandi. Ularning tarkibi tajribali grossmeysterlardan iborat bo‘lib, parashaxmat tizimi ham ancha rivojlangan. Bizda esa bu yo‘nalish endigina oyoqqa turayotgan bo‘lishiga qaramay, sportchilarimiz haqiqiy matonat ko‘rsatishdi. Imkoniyatlari cheklanganiga qaramay, bor kuchlari bilan harakat qilib, faxrli uchinchi o‘rinni egallashdi. Bu ham o‘zbek sporti tarixidagi yana bir ulkan zafardir.
Men o‘ylaymanki, bu yaratilgan imkoniyatlar kelajakda bizning shaxmat mamlakati, shaxmat diyori ekanligimizni, ota-bobolarimiz azaldan shaxmat o‘ynab kelganligi va shaxmatda muvaffaqiyatlarga erishganligini isbotlab turibdi.
Endi navbatdagi olimpiadaga tayyorgarlikni boshlaymiz. Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tadigan 2028-yildagi olimpiadada shu tarkibimiz, qizlarimiz bilan jasorat ko‘rsatamiz. Yigit-qizlarimizning birinchi o‘rinni egallashiga umid qilyapmiz va shunga ikki yil davomida tayyorgarlik ko‘ramiz va niyatimizga yetamiz.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasi g‘oliblari va ishtirokchilarini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindarov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoniga munosib ko‘rildi.
Videosi quyida:
Abdulaziz RUSTAMOV, Nosirjon HAYDAROV (foto), Yoqubjon MELIBOEV (video), O‘zA