Kollej va texnikumlarga qabul davom etmoqda
Toshkent viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish xududiy boshqarmasi tasarrufidagi professional ta’lim muassasalarida qabul davom etmoqda.
Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq viloyatda 2020-2021 o‘quv yilida jami 64 ta professional ta’lim muassasalari tashkil etildi. Ulardan 35 tasi kasb-hunar maktabi, 11 tasi kollej va 16 tasi texnikum.
Joriy yil 1 iyuldan boshlab kasb-hunar maktablariga o‘quvchilarning qabul jarayoni boshlandi. Viloyatdagi 35 ta kasb-hunar maktablariga kasb egallash istagida bo‘lgan 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlarini qabul qilish jarayoni onlayn www.kasb.edu.uz elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda. 2021/2022 o‘quv yilida mazkur ta’lim muassasalariga 56 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha qabul parametrlarida 10 ming 440 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.
Xususan, 14 iyul holatiga tasdiqlangan qabul parametrlariga nisbatan eng ko‘p hujjatlar Angren shahar 2-son kasb-hunar maktabiga (734 nafar), Olmaliq shahar kasb-hunar maktabiga (778 nafar), Angren shahar 1-son kasb-hunar maktabiga (600 nafar), Bekobod shahar kasb-hunar maktabiga (554 nafar), Chirchiq shahar kasb-hunar maktabiga (445 nafar) kelib tushgan. bugungi kungacha jami 8 ming 671 nafar umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlari qabul qilindi.
Barcha boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarida qabul jarayoni bo‘yicha Call markazlari ishlamoqda. Qabul jarayoni tuman (shahar) iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limlari tomonidan berilgan tavsiyalar asosida tegishli kasblar bo‘yicha o‘qishga qabul qilish prinsipiga asoslanib tashkil etilyapti.
Kelgusida mazkur bitiruvchilarining bandligini ta’minlash Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy bo‘linmalari, mahalliy hokimliklar va tegishli ish beruvchilar tomonidan hal etiladi. Bunda ularga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun tijorat banklarining imtiyozli kreditlari ham yo‘naltirilishi mumkin.
A.Musayev,O‘zA