“Ko‘liodina”ning yangi binosi ochildi
“Obod xonadon- obod ko‘cha- obod mahalla” tamoyili asosida Buxoro viloyati Vobkent tumanining “Ko‘liodina” mahalla fuqarolar yig‘inining ikki qavatli, zamonaviy andozadagi ma’muriy binosi qurilib, ko‘rkam qiyofaga kirayotgan hudud chiroyini yanada ochdi.
Yangi binoni foydalanishga topshirish marosimida tuman hokimi Farhod Umarov boshchiligidagi mutasaddilar, sektorlar rahbarlari, mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar davlatimiz rahbari tomonidan mahalla tizimiga berilayotgan e’tibor natijasida so‘nggi yillarda fuqarolar yig‘inlari uchun qulay shart-sharoit yaratib berilayotganligi, mahalla obod maskanga aylanayotganini qayd etdi.
[gallery-15647]
Zamonaviy loyiha asosida barpo etilgan va barcha qulaylikka ega shinam "Ko‘liodina" mahalla fuqarolar yig‘ini binosi mahalliy pudratchi “Yaxshimurod Sohib Qurilish Plyus” MCHJ binokorlari tomonidan barpo qilingan bo‘lib, uning qurilishiga umumiy qiymati 1 milliard 203 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Endilikda ikki qavatli mahalla markazi binosida alohida jihozlangan va 20 dan ortiq chevarni ish bilan ta’minlagan tikuvchilik sexi ham o‘z faoliyatini boshlamoqda. Bu xayrli ish tashabbuskori esa mahalliy tadbirkor Nargiza Boltayeva bo‘lib, bu yerda buyurtma asosida ayollar kiyim-kechagi tikiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari