Ko‘lda baliq va sholini bir vaqtda yetishtirish mumkinmi? (+video)
Quyi Chirchiq tumanidagi baliqchilikka ixtisoslashgan agroklaster hovuzlarida Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan ilk bor suv yuzasida sholi parvarishi yo‘lga qo‘yildi.
Sholi dunyo aholisining yarmidan ortig‘i uchun asosiy oziq-ovqat mahsuloti hisoblanadi. Aholi sonining o‘sishi, qishloq xo‘jaligi yerlarining qisqarishi va iqlim o‘zgarishi sharoitida sholi yetishtirish samaradorligini oshirish strategik ahamiyatga ega.
Bugungi kunda respublikamiz aholisining guruchga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish uchun, sholi hosilini bir yilda 1 mln tonnadan oshirish zarur. Hosilni oshirish uchun sohaga yangi innovatsion agrotexnologiyalar kerak bo‘ladi. Shu maqsadda olimlarimiz tomonidan xorijiy tajribani o‘rganib, ilk bor suv yuzasida sholi parvarishini yo‘lga qo‘ydilar.
Asosan yelim tuvaklarga ekilgan urug‘lar, po‘kaklarga joylashtirilib, baliq hovuziga qo‘yib yuborildi. Natijada baliqlarga ozuqa berilmasa-da ular yaxshi rivojlanyapti. O‘rdaklar ham shu yerda oziqlanyapti. Faqat yovvoyi o‘rdaklar. Sholining “Iskandar” va “Billur” navi erta ekilganlari yaxshi hosilga kirgan.
- Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan “Suzuvchi sholi” agrotexnologiyasini ishlab chiqish maqsadida yangi loyiha amalga oshirilmoqda, - deydi institut ilmiy xodimi Mirjalol Axmatov. – Ikki gektar maydonda tajriba-sonov ishlari oli borilmoqda. Bundan oldin biz Xitoy, Vetnam va boshqa Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlarining tajribasini o‘rganib chiqdik. Daryo va dengiz bo‘ylarida yashaydigan aholi tomonidan ushbu usulda ekib kelinadi. Bizda ham ushbu tajriba asosida ishlar yo‘lga qo‘yildi. O‘simlik uchun tuvaklarni 15 sm oraliqda joylashtirdik. Unga tuproq va biogumus aralashmasi solindi. Ko‘chatlarni ekib, ko‘lga joylashtirdik. Har bir tuvakda 2-3 ta ko‘chat joylashtirdik. Bu tadqiqot 5 ta muddatda qilindi. Bu tajriba nafaqat Quyi Chirchiq tumanida, balki Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida, Namangan viloyati Mingbuloq tumanida ham olib borilyapti.
Albatta, bu avvalo O‘zbekiston sharoitida o‘tkazilayotgan ilk tajriba. Ko‘lda sholi yetishtirishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari ham yo‘q emas. Har bir tuvak ichiga biogumusga urug‘ yoki ko‘chat, donalab ekib chiqiladi. Buning uchun ko‘plab ishchi kuchi talab etiladi. Lekin samarasi yuqori va dolzarb tadqiqot. Bir vaqtning o‘zida ekologik toza boqilgan baliq va guruch ko‘lda yetishtiriladi. Begona o‘tlarga qarshi gerbitsidlar qo‘llanilmaydi. Suv yuzasi qizib ketmaydi va baliqlar rivoji uchun qulay muhit yaratiladi.
Albatta, yurtimizda ana shunday baliq ko‘llari juda ko‘pligini inobatga olinsa, suv yuzasida (suzuvchi) sholi yetishtirish agrotexnologiyasi qanchalik dolzarbligi kundek ayon bo‘ladi. Mazkur texnologiyaga fermer va baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan ehtiyoj mavjud bo‘lib, uni amaliyotga joriy etish orqali qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va eksport hajmlarini ko‘paytirish imkoni yaratildi.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/dzlZk6a5bAw" title="Ko‘lda baliq va sholini bir vaqtda yetishtirish mumkinmi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA