Ko‘kda qalqon, yerda posbon desantchilar (+video)
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Farg‘ona shahrida joylashgan Sharqiy harbiy okrukka qarashli harbiy qismga kirib borarkanmiz yurt himoyasiga bel bog‘lagan o‘g‘lonlarning jangovar mushg‘ulotlari ustidan chiqdik. Tong sahardan boshlangan jismoniy chiniqish amaliy mashqlarga, nazariy o‘qishlarga ulanib ketadi. Harbiylarning har bir daqiqasi hisobli. Hatto ular kitob o‘qish, madaniy hordiqqa ham vaqt topishadi.
Havo desantchilar brigadasida har kuni ana shunday qaynoq hayot hukmron. Zero, desantchi bo‘lish osonmas. Bu yerda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar osmondagi mahorat yerdagi mashqlarda toblanadi, degan tamoyilga qat’iy amal qiladi.
Mamlakatimizda Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyatini yuksaltirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy qurol-yarog‘ va aslahalar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy, ma’naviy-intellektual tayyorgarligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Hayotga tatbiq etilgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli mamlakatimiz xavfsizligi hamda barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga, aholining tinch va osuda hayotiga qarshi qaratilgan har qanday tajovuz va g‘arazli urinishlarning oldini olishga qodir bo‘lgan, ixcham, har tomonlama yaxshi ta’minlangan, jangovar qobiliyat hamda tayyorgarlikka ega milliy armiyamiz shakllantirildi. O‘tgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘ta muhim loyihalar amalga oshirildi. Armiya saflarida Vatan uchun xizmat qilish har bir yigitning g‘ururu iftixoriga aylandi.
Darhaqiqat, o‘z qasamyodiga sodiq, keng bilim va malakaga ega, aql-zakovatli, mard va azmu shijoatli harbiylar armiyaning qudratli kuchidir. G‘alabani ta’minlaydigan ham, shaxsiy tarkibni tarbiyalaydigan va o‘z ortidan ergashtiradigan ham ulardir. bugungi kunda harbiy qismdagi desantchilar muntazam harbiy jangovarlikni oshirib bormoqda. Bu yerda Prezidentimiz topshirig‘i asosida Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi sinflari tashkil etilib, buyuk sarkardalarning harbiy mahorati o‘rganib borilmoqda.
Kapitan Umidjon Ibrohimov jangovar vzvod komandiri. U Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidan. Yoshligidan harbiy bo‘lishni, xususan, desantchilikni orzu qilardi. Chin dildan qilingan harakat samarasida bugun vatan himoyachisiga aylandi.
Desantchilarning amaliy mashqlari ularni yanada chiniqtiradi. Ularning ko‘nikma va imkoniyatlarini kengaytirish, har qanday vaziyatda yuksak ruhiy va jangovar barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladigan mashg‘ulotlar ayniqsa, sakrash mashqlari bunda muhim ahamiyatga ega. Desantchilarimiz esa har qanday sharoitda ham berilgan topshiriqni uddasidan chiqa olishadi.
Ha, bugun sarhadlarimiz ishonchli qo‘llarda. Ular yurt tinchiligi yo‘lida mustahkam qalqon bo‘lib, tunu kun xizmat olib borishmoqda.
<iframe width="834" height="657" src="https://www.youtube.com/embed/OrmD7vMjxq8" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat, video) O‘zA