Koinotga o‘z qalbini bag‘ishlagan olim
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro aerokosmik maktabi bilan hamkorlikda atoqli olim, akademik Shavkat Vohidov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Ilm-fanni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni jamiyat hayotiga keng jalb etish Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ma’rifiy islohotlarda ustuvor o‘rin egallaydi. Tadbirda aytilganidek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Rossiya kosmonavtika akademiyasi, Xalqaro muhandislik akademiyasi akademigi Shavkat Vohidov ham aynan yangiliklar sari intiluvchan olimlardan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shavkat Vohidov Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tavallud topgan. Sh.Vohidov Yadro fizikasi va kosmik muhandislik sohasidagi yirik olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Xalqaro injenerlik akademiyasi, Rossiya Kosmonavtika akademiyasining akademigi, fizika-matematika Fanlar doktori, professori edi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi Shavkat Vohidov fizika fanining, shu jumladan, qattiq jismlar fizikasi, kosmonavtika va asbobsozlik rivojiga katta hissa qo‘shgan olim edi. Uning ilmiy ishlari Xalqaro ilmiy jamoatchilik orasida e’tirof etilgan va yuksak baholangan.
Shavkat Vohidov fizika va kosmonavtika sohasida yetuk mutaxassis, mohir pedagog va o‘z sohasining targ‘ibotchisi bo‘lishi bilan birga, mumtoz adabiyot, tariximizning ham bilimdoni, jonkuyarlaridan edi. U mashhur shoirlardan Sipandii Samarqandiy, Tamhid Samarqandiy va boshqa shoirlar ijodini batafsil tahlil etib, ularning ko‘plab hali ma’lum bo‘lmagan g‘azallari, muxammaslarini yig‘ib, kitob holida chop ettirdi.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda, xususan, Samarqand shahrida mavjud bo‘lgan hattotlik san’ati haqida maxsus izlanishlar olib borib, o‘z davrining mashhur ijodkorlari, bugungi kunda unutilib ketgan allomalar – Mullo Muhammad Zarrinqalam va Tamhid Samarqandiyni xalqimizga tanitishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Kamtarin, zahmatkash va fidoyi inson bo‘lgan Shavkat Vohidov 6 ta monografiya, 280 dan ortiq ilmiy ishlar, 64 ta ixtiro muallifi. Mazkur ilmiy ishlarning aksariyat qismi xorijda nashr etilgan va patentlangan. Akademik Vohidov mamlakatimiz va MDH, AQSH, Vengriya, Bolgariya, Pokiston, Malayziya, Turkiya, Eron va boshqa davlatlardagi xalqaro ilmiy anjumanlarda qatnashgan. Bir qator monografiyalar va ilmiy to‘plamlarga muharrirlik qilgan.
Sh.Vohidov ko‘plab fan doktorlari, fan nomzodlari, magistr va bakalavrlar tayyorladi. Ko‘plab nomzodlik va doktorlik ilmiy darajalari olish uchun qilingan himoyalarda rasmiy opponent sifatida ishtirok etdi.
Shavkat Vohidovning ilmiy ishlari qattiq jismlar fizikasi, kosmonavtika, spektroskopiya, kristallografiya, radiotexnika va aloqa, asbobsozlikka oiddir. Vohidov rahbarligida orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlarga meteorlar, fazodagi chiqindilar yoki maxsus jismlar bilan ta’sir ko‘rsatilganda shu hodisa qachon va qayerda sodir bo‘lganligidan xabar beradigan ixcham yo‘ldosh, shuningdek tabiiy ofatlar – sel, qor uyumining ko‘chishi va boshqalar yuz berishidan xabar beradigan va oldini oladigan asboblar, qishloq xo‘jaligi uskunalari yaratildi.
Akademikning ko‘p qirrali olim, fanning ulkan tashkilotchisi, mohir pedagog, adabiyotimiz va ilm-fanimiz bilimdoni sifatidagi faoliyati g‘oyat ibratlidir. Yurtimiz ziyolilarining yetuk namoyandasi Shavkat Vohidov hayot bo‘lganida 90 yoshni qarshilagan bo‘lar edi.
Fidoyi olimning hayoti va betakror faoliyati shogirdlari, hamkasblari, yoshlar uchun Vatanga xizmat qilishning yuksak namunasidir.
Ma’rifiy kechada atoqli olim Shavkat Vohidovning ilmiy tadqiqotlari, faoliyati, ibratli hayoti xususida batafsil so‘z yuritildi. Taniqli jurnalist Shahobiddin Zayniddinov ssenariysi asosida suratga olingan “Yulduzlarga intilib” hujjatli filmi namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA