Ko‘hna va boqiy Buxoro sayyohlarni chorlaydi
“UZEXPO” markazida bo‘lib o‘tayotgan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida Buxoro viloyati ham o‘z paviloni bilan qatnashmoqda.
Birinchi kundanoq nafaqat xalqaro, balki mahalliy sayyohlar tomonidan ham viloyat tomonidan tashkil etilgan pavilonga katta qiziqish bildirildi. Buxorodan mazkur yarmarkaga 100 ga yaqin turizm sohasi vakili, jumladan, turoperator, mehmonxona xo‘jaliklari bilan birga gastronomik yo‘nalishdagi restoranlar, ekoturizm maskanlari va turizm klasterlari xodimlari ishtirok etmoqda.


Viloyat tadbirkorlari tomonidan bir nechta shartnomalar imzolandi.


Yaponiya va Hindiston davlatlarining turizm sohasi vakillari bilan uchrashuv va kelishuvlar uyushtirildi. Jumladan, Buxoro viloyatining turizm salohiyati, chekka hududlarda tashkil etilayotgan “turizm qishloq va mahallalari”, viloyatda so‘nggi yillarda yangidan ochilgan turistik marshrutlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.



Turkmaniston Respublikasi vakillari bilan ziyorat turizmi yo‘nalishida Buxorodagi Yetti pir qadamjolari bo‘ylab kombinatsion turlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri