Kogon tumanida Navro‘z ayyomi
Ko‘hna va boqiy Buxoroning mahalla va qishloqlari, ovul, ko‘cha va xiyobonlarida umumxalq sayli tarzida, yuqori kayfiyatda tantana qilinayotgan bu yilgi “Navro‘z” bayramini kogonliklar ham munosib kutib olib, shod- xurramlik bilan nishonlamoqda.
Xususan bayram munosabati bilan temiryo‘lchilar tumani Markaziy o‘yingohida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘zi olam!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Dastlab, tadbirda Kogon tumani hokimligi, jamoatchilik vakillari, mehmonlar bayramga kelganlarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etib, xalq xo‘jaligi jabhalarida olib borilayotgan yangilanish va o‘zgarishlar, erta bahorgi dala-dehqonchilik ishlariga rivoj tiladi.

Ayni kunda xalqchil islohotlar natijasida yurtimizning barcha go‘shalari qatorida temiryo‘lchilar tumanida ham 23 ta mahalla fuqarolar yig‘inida o‘nlab zamonaviy korxona, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, shinam turar-joylar barpo etilayotgani, yangidan qurilayotgan maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot, sport inshootlari foydalanishga topshirilmoqda. Shuningdek, “Obod mahalla” tamoyili asosida yangicha qiyofa kasb etib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yuqori sur’at bilan ro‘yobga chiqarilayotgan bunyodkorlik ishlari, xayrli ish va loyihalar aholi turmush farovonligiga xizmat qilmoqda.

Gavjum maydonda milliy kurash, arqon tortish, qo‘chqor urishtirish, varrak uchirish va boshqa xalq o‘yinlari, sport musobaqalari tashkil qilingani ko‘plarni xursand qildi. Tuman madaniyat uyi folklor jamoalari chiqishlari esa yurtdoshlarimizga bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Shuningdek, tadbir qatnashchilari mohir oshpazlar tomonidan tayyorlangan milliy bahoriy taomlar mazasidan bahramand bo‘ldi.


Navro‘z saylining asosiy qismida o‘zbek estradasining yorqin yulduzi Hulkar Abdullayeva hamda viloyat iste’dodli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan diltortar taronalar davraga yanada fayz qo‘shdi. Muhimi, yillar davomida ota-bobolarimiz bu ulug‘ ayyomni qanday pok niyat va yorug‘ umidlar bilan kutib olgan bo‘lsalar, bugun ham xalqimiz mana shunday yuqori kayfiyat bilan Navro‘zga peshvoz chiqmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.