“Koʻrinmas dushman”ga qarshi jang
Dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga solayotgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash keskin tus olmoqda.
Dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga solayotgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash keskin tus olmoqda. Joriy etilayotgan karantin va oʻzini izolyatsiya qilish choralari, olib borilayotgan keng koʻlamdagi dezinfeksiyalash tadbirlari virus bilan kurashishda yaxshi samara berayotganini taʼkidlash joiz.
Yurtimizda ham pandemiya tarqalishining oldini olish boʻyicha keng koʻlamli dezinfeksiyalash tadbirlari Qurolli Kuchlar tuzilmalarining taktik maxsus oʻquv mashgʻulotlari doirasida oʻtkazib kelinyapti.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar va Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari bilan “koʻrinmas dushman”ga qarshi navbatdagi taktik maxsus operatsiyasi xalqimiz salomatligini saqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlardan biri boʻldi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.
Albatta, har bir harbiy mashgʻulotda oʻquv nishonlari, shartli dushman texnika va kuchlarining maketlariga qarshi zarba berilishini koʻrishga oʻrganganmiz. Lekin bu holatda qurol oʻrnini dezinfeksiyalash uskunalari, harbiy aslahani esa tibbiyot himoya kostyumlari egallagan. Chunki bu oʻquv mashgʻulotlaridagi “dushman” oʻta ayyor, uning kuch va zaxiralari koʻrinmasdir. Birgina yoʻl, oʻq-dori va snaryadlarni almashtirgan dezinfeksiya uchun eritma bilan “koʻrinmas dushman” joylashishi ehtimoli katta boʻlgan hududlarni zararsizlantirishdir.
Nukus shahrining markazidagi maydonda jam boʻlgan kuch va vositalar “dushman”ga qarshi taktik maxsus oʻquv mashgʻulotini oʻtkazish hududlarini belgilab, kuchlarni taqsimlashdi.
Yuqori qoʻmondonlik tomonidan olingan topshiriqqa muvofiq, bu safar qoʻshinlar shahardagi bozorlar, yirik savdo majmualari, odam gavjum boʻlishi mumkin boʻlgan yoʻnalishlar hamda markaziy koʻchalarda oʻquv-jangovar vazifani bajarishlari kerak. Tez fursatda belgilangan javobgarlik hududlariga tarqalgan kuch va vositalar “koʻrinmas dushman” ehtimoliy yoʻnalishlariga zarba bera boshladi.
Harbiy texnikalarga oʻrnatilgan akustik tizimlar orqali aholi oʻrtasida pandemiya kasalligi tarqalishining oldini olish va joriy etilgan karantin qoidalariga amal qilishga daʼvat etuvchi eshittirishlar qoʻyilib, ogohlik va hushyorlikni oshirishga chorlovlar yangradi.
Kun davomida boʻlinmalar tomonidan hamkorlikda 100 ming kvadrat metrdan oshiq boʻlgan hududda “dushman” kuchlarini yoʻq qilish boʻyicha maxsus operatsiya bajarildi.
Oʻquv mashgʻuloti yakuniga koʻra kuch tuzilmalarining hamkorlikda olib borgan saʼy-harakati bilan “dushman” kuchlarining katta qismi yoʻq qilingan. Ammo hali natija haqida gapirishga erta. Qolgan hududlarda ham zararsizlantirish ishlarini olib borish kerak. Shu sabab hamkorlikdagi taktik maxsus oʻquvlar davom etadi.