Klopp Germaniya terma jamoasini boshqarishga yaqinlashmoqda
Klopp bizning birinchi raqamli nomzodimiz va biz bu rejani amalga oshirishni istaymiz.
Hans-Yoaxim Vatske Yurgen Kloppni Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlash bo‘yicha muzokaralar haqida fikr bildirdi.
"Bu hali yakunlangan kelishuv emas. Hozircha ayrim to‘siqlar saqlanib qolmoqda. Eng katta masala uning Red Bull bilan amaldagi shartnomasi hisoblanadi. Men bu borada boshqalarga qaraganda ehtiyotkorroqman, biroq kelishuv amalga oshish ehtimoli 50 foizdan yuqori, deb hisoblayman.
Klopp bizning birinchi raqamli nomzodimiz va biz bu rejani amalga oshirishni istaymiz. Uning qolgan masalalarni hal qilishga tayyorligi katta ustunlik. Albatta, bizning moliyaviy imkoniyatlarimiz ham cheklangan. Men shaxsan Yurgen Germaniyaga bo‘lgan muhabbati sabab bizga ozgina “vatanparvarlik chegirmasi” qiladi, degan umiddaman", — dedi Vatske.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya futbol ittifoqi Kloppni milliy terma jamoa bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.