Kitobda quturish bo‘yicha vahima: haqiqat qayerda?
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanining Varganza mahallasida bir oilaning uch nafar a’zosi quturish kasalligiga chalingani, ulardan biri vafot etgani, hududda vaziyat o‘ta og‘irlashgani, hatto mahallaga kirish-chiqish cheklangani haqidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar sayyohlarga Varganzaga bormaslik haqida ogohlantirishlar ham tarqatdi. Xo‘sh, tarmoqlardagi bu da’volar qanchalik haqiqatga yaqin? O‘zA muxbiri voqea joyiga borib, mahalliy aholi, mutasaddilar va tibbiyot mas’ullari bilan suhbatlashdi.
Marhumaning yaqinlari: “U quturishdan emas, boshqa xastalikdan vafot etdi”
Surishtiruv avvalo marhuma Hadicha Ergashevaning yaqinlari bilan suhbatdan boshlandi.
Marhumaning opasi Zamira Ergashevaning aytishicha, singlisi avval ham qon bosimi yuqoriligi bilan davolangan, insult tufayli tanasining bir qismi falajlangan bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar bir oy muqaddam tulki bolasi qo‘lini tirnagani haqidagi ma’lumotdan keyin quturish kasalligi ehtimolini ham ko‘rib chiqqan.
– Singlim oxirgi kunlarigacha ovqat ham yedi, suv ham ichdi. Quturish kasalligiga xos alomatlarni ko‘rmadik. Shuning uchun asossiz xabarlar tarqatilishi oilamiz uchun yana bir og‘ir zarba bo‘ldi, – deydi u.

“Varganzada karantin yo‘q, hayot odatdagidek davom etmoqda”
Ijtimoiy tarmoqlarda mahallaga kirish-chiqish taqiqlangani haqidagi xabarlarga mahalla raisi Hakim Mirzayev qat’iy rad javobini berdi.
Uning ta’kidlashicha, hududda hech qanday karantin yoki cheklov choralari joriy etilmagan.
– Qishloqda hayot odatdagidek davom etyapti. Sayyohlar ham kelib-ketmoqda. Agar quturish kasalligi rasman tasdiqlanganida bu yerga hech kim kiritilmas edi. Marhumaning janozasida ikki mingga yaqin odam qatnashdi, – deydi mahalla raisi.
U tog‘li hudud bo‘lgani uchun atrofda tulki, bo‘ri va boshqa yovvoyi hayvonlar uchrashini, shu sababli quturish kasalligiga qarshi profilaktika ishlari doimiy olib borilishini ham ta’kidladi.

Vahimaga sabab bo‘lgan audio kim uchun edi?
Tarmoqlarda eng ko‘p tarqalgan audioyozuv muallifi sifatida tilga olingan Kitob tumani 4-poliklinikasi mudiri Mahmud Uzoqov ham vaziyatga munosabat bildirdi.
Uning aytishicha, audio xabar aholi uchun emas, balki tibbiyot xodimlari uchun ichki xizmat topshirig‘i sifatida yuborilgan.

– Bu yuqumli kasalliklar bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat yig‘inidan keyin xodimlarni yanada ogoh bo‘lishga chaqirish maqsadida berilgan topshiriq edi. U yerda faqat quturish emas, botulizm va ichak infeksiyalari haqida ham gapirilgan. Kimdir uni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborgan. Maqsadimiz aholi orasida vahima uyg‘otish emas edi, – deydi u.

Rasmiy izoh: “Quturish kasalligi tasdiqlanmagan”
Kitob tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari Anvar Hasanovning ma’lum qilishicha, marhuma 10-iyul kuni qon bosimi ko‘tarilgani bois shifoxonaga murojaat qilgan.

Suhbat davomida uning bir oy avval tulki bolasi tirnaganini aytgani sababli shifokorlarda xavfli infeksiyaga gumon paydo bo‘lgan.

Biroq bemor bir sutkadan keyin vafot etgan va o‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Profilaktika maqsadida uning oila a’zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, vaksinatsiya qilingan.
– Hozirgi kunda ularda quturish kasalligiga xos biror belgi kuzatilmayapti. Tumanimizda epidemiologik vaziyat barqaror. Quturish kasalligi rasman qayd etilmagan, – dedi Anvar Hasanov.
Uning ta’kidlashicha, ayrim tibbiyot xodimlari ehtimoliy xavfni inobatga olgan holda profilaktik choralarni kuchaytirishni maqsad qilgan, ammo bu ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinib, aholi o‘rtasida vahima keltirib chiqargan.

– Bu holat yuzasidan xodimlar bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun aholidan uzr so‘raymiz, – dedi bo‘lim rahbari.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ham o‘rgandi
Tarmoqlardagi muhokamalardan keyin viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislari ham Varganza mahallasida o‘rganish o‘tkazgan.
Boshqarma mas’uli, podpolkovnik Erkin Orziqulovning ma’lum qilishicha, hududda favqulodda epidemiologik vaziyat aniqlanmagan.
– Joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi. Aholi bilan suhbatlashildi. Hech qanday favqulodda holat kuzatilmadi. Vaziyat to‘liq nazoratda. Quturish kasalligi qayd etilmagan. Barcha profilaktik choralar amalga oshirilmoqda, – dedi u.
Xulosa shuki, Kitob tumanidagi holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasdiqlanmagan ma’lumotlar jamoatchilik orasida qanchalik tez vahima keltirib chiqarishini yana bir bor ko‘rsatdi.
Ayni paytda rasmiy idoralar ma’lumotiga ko‘ra, Varganza mahallasida quturish kasalligi bo‘yicha epidemiologik vaziyat qayd etilmagan, karantin joriy etilmagan va aholi hayoti odatiy tartibda davom etmoqda. Marhumaning o‘lim sababi esa sud-tibbiy ekspertizasi xulosasidan keyin aniq ma’lum bo‘ladi.
Jurnalistik surishtiruv shuni ko‘rsatdiki, ehtimoliy xavf haqidagi ichki xizmat ma’lumotining nazoratsiz tarqalishi ijtimoiy tarmoqlarda turli taxmin va mish-mishlarga sabab bo‘lgan. Bunday holatlarda aholiga faqat rasmiy manbalar tasdiqlagan axborotga tayanish tavsiya etiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri