Kitob tumanida bog‘dorchilik uchun xavf tug‘dirayotgan zararkunanda nazoratga olindi
Keyingi ikki yilda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani ayrim hududlarida yashil qorinchali temirchak chigirtkasining ko‘payishi kuzatilmoqda. Mutaxassislar ushbu zararkunanda ommaviy tarqalishining oldini olish maqsadida doimiy monitoring ishlari olib borilayotgani, aholi va fermerlarga kimyoviy ishlov berish tartibi yuzasidan tavsiyalar berilayotganini ma’lum qildi.
Xususan, tumanning Palandara mahallasidagi ayrim fermerlar tomonidan zararkunandaning beda, poliz va bog‘dorchilik ekinlariga zarar yetkazayotgani haqida murojaatlar bildirilmoqda.
Palandara mahallasida faoliyat yurituvchi “Davlatbobo” fermer xo‘jaligi rahbari Akbarali Ahadovning aytishicha, xo‘jalik ixtiyoridagi 250 gektar yerning 62 gektarida g‘alla va beda yetishtiriladi. Uning ma’lum qilishicha, 2024-yildan boshlab zararkunanda ko‘payib, ayrim maydonlarda beda va poliz ekinlariga sezilarli talafot yetkazgan. Joriy yilda ham chigirtkalar soni ko‘payib, fermerlar o‘z imkoniyatlari doirasida kimyoviy ishlov o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, buning o‘zi yetarli bo‘lmayotganini ta’kidladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakatimizda chigirtkalarning 200 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning bir qismi qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Qashqadaryo viloyati janubiy hudud bo‘lgani bois cho‘l, tog‘ oldi va yaylovlarda turli xil chigirtkalar uchraydi.
Qashqadaryo viloyati Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati rahbari Mahmud Xushmurodovning ma’lum qilishicha, viloyatda har yili erta bahordan boshlab marokash chigirtkasiga qarshi keng ko‘lamli kimyoviy ishlovlar amalga oshiriladi. Eng xavfli turlar qatoriga marokash chigirtkasi, mahalliy chigirtka va saksovul bukri chigirtkasi kiradi. Ushbu turlar to‘da hosil qilib, qishloq xo‘jaligi ekinlari hamda yaylovlarga katta zarar yetkazishi mumkin.
Uning qayd etishicha, Kitob tumanida keyingi ikki yilda yashil qorinchali temirchak chigirtkasining ko‘payishi kuzatilmoqda. Mazkur zararkunanda asosan bog‘dorchilik maydonlarida uchrab, mevali daraxtlarga zarar yetkazishi bilan ajralib turadi. Agar bir kvadrat metr maydonda 10-15 tadan ortiq zararkunanda aniqlansa, kimyoviy ishlov o‘tkazish zarur hisoblanadi.
– Bu tur doimiy kuzatuvimizda. Mahallalarda profilaktik tushuntirish ishlari olib borilmoqda, kimyoviy ishlovni qaysi muddatlarda o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda. O‘tgan yili ushbu holat Qaynar hududida kuzatilgan bo‘lsa, joriy yilda Palandara massivida qayd etildi. Hozirga qadar bu masala yuzasidan xizmatimizga rasmiy murojaat kelib tushmagan. Shunga qaramasdan, mutaxassislarimiz joylarga chiqib, profilaktik tadbirlarni amalga oshirmoqda, – dedi Mahmud Xushmurodov.
Palandara mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi Nasim Mahmudov ham aholidan kelib tushayotgan murojaatlar asosida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ish olib borilayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahallada karantin xizmati bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aholi uchun murojaat qilish tartibi va mas’ul tashkilotlarning aloqa ma’lumotlari e’lon qilingan. Zarur hollarda kimyoviy vositalar bilan ta’minlash va amaliy ko‘mak ko‘rsatish choralari ham tashkil etilmoqda.
Mutaxassislar zararkunandaga qarshi kurashishda eng muhim omil uni erta aniqlash va o‘z vaqtida kimyoviy ishlov berish ekanini ta’kidlamoqda. Shu bois fermer va tomorqa egalariga zararkunanda ko‘payishi kuzatilgan hollarda mas’ul tashkilotlarga zudlik bilan murojaat qilish, tavsiya etilgan agrotexnik hamda kimyoviy choralarni o‘z vaqtida amalga oshirish tavsiya etilmoqda.
Bu esa qishloq xo‘jaligi ekinlarini zararkunandalardan muhofaza qilish, hosildorlikni saqlab qolish hamda bog‘dorchilik sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy yo‘qotishlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-30601]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari