Kitob orqali kelajak bunyod etiladi
21-may — Kutubxonachilar kuni
Kitob — insoniyat tafakkurining eng buyuk kashfiyoti bo‘lsa, kutubxona esa ana shu bilim va ma’rifat xazinasini asrab kelayotgan muqaddas maskandir. Jamiyat taraqqiyoti, yoshlar ma’naviyati va ilm-fan rivojida kutubxonachilarning o‘rni beqiyos. Ular nafaqat kitob saqlovchi, balki ma’rifat targ‘ibotchisi, ilmga yo‘l ko‘rsatuvchi insonlardir.
O‘zbekistonda 21-may sanasi Kutubxonachilar kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana kitob va ma’rifat yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan minglab soha xodimlariga hurmat va e’tibor ramzi hisoblanadi.
Aslida kutubxonalar oddiy kitob saqlanadigan joy emas. Hozirda kutubxonalar zamonaviy axborot markazi, ta’lim va ilmiy izlanishlar maskaniga aylanib bormoqda. Elektron kutubxonalar, raqamli platformalar, audio kitoblar va onlayn xizmatlar kitobxonlik madaniyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Kutubxonachi esa ana shu bilim olamini kitobxon bilan bog‘lab turuvchi muhim ko‘prikdir. Ular kitob tanlashda yordam beradi, izlanuvchilarga manbalar topib beradi, yoshlarni mutolaaga qiziqtiradi va ma’naviy muhit shakllanishiga hissa qo‘shadi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish, kutubxonalar faoliyatini modernizatsiya qilish va aholiga qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi avlod kutubxonalari, elektron kataloglar va mobil kutubxona xizmatlari bu sohadagi islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 15 mingga yaqin kutubxona faoliyat yuritmoqda. Ularda 85 milliondan ortiq kitob va jurnal saqlanadi, 13 million nafardan oshiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA