Kishmishtepada yangilanish va yasharish shodiyonalari
Ko‘p asrlik an’analarga muvofiq, Navro‘z ayyomida vohamiz hunarmand va ishbilarmon kishilari o‘zlari yaratgan va yetishtirgan yangi mahsulotlarni yurtdoshlarimizga taqdim etmoqda.
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Kishmishtepa mahallasida yashovchi Ravshan Sattorovning yoshligidan rassomchilikka, haykaltaroshlikka ishtiyoqi baland. Turli suratlar chizish, loy va gipsdan suvenir haykalchalar yasashni qoyillatadi. Oliygohda ham shu yo‘nalishda o‘qigan, ayni paytda maktabda yoshlarga chizmachilik va rasm fanidan dars berib kelmoqda.
Ravshan Sattorov ilgari ham ko‘zni quvnatadigan haykalchalar yasasa-da, bu ishni shunchaki qiziqish uchun bajarar, undan daromad olish mumkinligiga e’tibor bermagandi. So‘ng esa o‘z qiziqishini biznes-faoliyatga aylantirishga qaror qildi. Turli shakl va o‘lchamdagi suvenirlar yasab, ularni buyurtmachilarga yetkazib bera boshladi. bugungi kunda turli hayvonlar, qushlar yoki tabiat manzaralari ko‘rinishidagi katta-kichik haykalchalarning xaridori serob. O‘zi istagan shakldagisini buyurtma qiladiganlar ham bor.
– Yasagan buyumlarimizdan xonadonlarda suvenir sifatida, shuningdek, turli tashkilotlar xonalari, tashqi hovlilarni bezatishda keng foydalaniladi, – deydi haykaltarosh. – Bahorda, obodlik va farovonlik ramzi hisoblangan Navro‘z arafasida bu mahsulotlarimizga talab ortadi. E’tiborli tomoni, bugun Ravshan Sattorov kabi o‘zi uddalay oladigan ishni tadbirkorlik faoliyatiga aylantirayotgan kishmishtepaliklar soni oshib bormoqda.
– Mahallamizda yuzga yaqin fuqaro tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, – deydi Kishmishtepa mahallasidagi hokim yordamchisi Anvar Ahmedov. – Masalan, 15 kishi novvoyxona va shirinlik sexlari ochgan. So‘nggi ikki-uch yilda 30 dan ziyod fuqarolarimiz imtiyozli kredit olib, o‘z hovlisida kichik issiqxonalar tashkil etdi. Haykaltaroshlik, tunukachilik ishlari va shu kabi boshqa hunarmandchilik turlari bilan shug‘ullanayotganlar ham bor. Bundan tashqari, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, savdo yoki ovqatlanish kabi xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘z biznesini yo‘lga qo‘yganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
[gallery-11127]
Yangilanish va yasharish faslida ularning safi yangi yosh tadbirkorlar hisobidan tobora kengayib borayotgani yanada quvonarlidir. Masalan, shu mahallalik Nazokat Nosirova hovlisidagi mo‘’jaz issiqxonada gul yetishtiradi.
– Bu ish katta sarmoya talab qilmaydi, – deydi u. – Dastlab, hovlimizda qo‘lbola usulda bir sotixlik kichik issiqxona barpo etdik. Bu yerda nima ekishga kelganda esa gulni tanlaganman. Chunki o‘zim shu ishga qiziqaman. Bundan tashqari, gullarni e’tibor va mehr bilan parvarishlasangiz, kichik maydondan ham yaxshigina daromad olish mumkin. Bir necha turdagi lola gullarini parvarishlayapmiz. Tayyor bo‘lganlarini peshma-pesh mahalliy bozorga yetkazib beramiz. Ko‘p qismini 8 mart bayramiga sotdik, Navro‘zda ham buyurtmalarimiz ko‘p bo‘ldi. O‘zi go‘zallik ramzi bo‘lgan bu bayramda kim ham go‘zallikka intilmaydi deysiz?!
Ha, mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik, deydilar. Bunga qaysidir sohada o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan yoki tomorqani daromad manbaiga aylantirib, bir parcha yerdan ham katta daromad topayotgan kishmishtepaliklar hayoti misol bo‘la oladi. Buning isbotini esa shu kunlarda mahalladagi bayram tadbirlarida yo‘lga qo‘yilayotgan hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasida va ko‘klam taomlari hamda oziq-ovqat mahsulotlari savdosida ham ko‘rish mumkin.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA