Kimyogar qizlar olimpiadasi o‘tkazildi
Yoshlar o‘rtasida aniq fanlarga qiziqishni oshirish, ularning ilm-fanga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirish muhim ahamiyatga ega. Bu borada turli fan olimpiadalarini tashkil etish iqtidorli o‘quvchi va talaba yoshlarni o‘z ustida ishlashga undaydi.
“O‘zkimyosanoat” AJ, D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent filiali hamda Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro “Ziyo Forum” fondi hamkorligida talaba qizlar hamda akademik A.S.Sadikov nomidagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida kimyo fani bo‘yicha olimpiada tashkil etildi.

Talaba qizlar o‘rtasidagi olimpiada uch bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda ishtirokchilarga onlayn platforma orqali test sinovlari topshirildi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan 20 nafar ishtirokchi keyingi bosqichga yo‘llanma oldi. Ikkinchi bosqichda amaliy topshiriqlar bajarildi va 10 nafar eng yuqori natija ko‘rsatgan talaba final bosqichiga yo‘l oldi. Final bosqichida ishtirokchilar o‘z ilmiy loyihalarini taqdim etdi.
Olimpiada yakuniga ko‘ra, 1-o‘rin Shahzoda Hakimovaga nasib etdi va unga 5 000 000 so‘m pul mukofoti va esdalik sovg‘alar topshirildi. 2-o‘ringa Yulduz To‘xtayeva munosib deb topildi va 3 000 000 so‘m mukofot hamda esdalik sovg‘alar topshirildi. 3-o‘rin sohibi Zuhraxon Mahkamova esa 1 500 000 so‘m pul mukofoti va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Akademik A.S.Sadikov nomidagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan olimpiadaning saralash bosqichida esa 150 nafarga yaqin yosh bilimdonlar test sinovlarida o‘z kuchini sinadi. Ulardan eng munosib ko‘rilgan 20 nafari final bosqichiga yo‘llanma oldi. Final natijalariga ko‘ra, 7 nafar g‘olib ishtirokchi D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent filialiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri grant asosida qabul qilinish imkonini beruvchi sertifikatga ega bo‘ldi.
Ta’kidlash joiz, ushbu olimpiada yoshlarning kimyo faniga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularni ilmiy izlanishlarga ilhomlantirish va kelajakdagi yutuqlari sari yo‘l ochish uchun imkoniyat bo‘ldi.
M.Komilova, O‘zA