Kim vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha
Mamlakatimizda "Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha" shiori ostida vatanparvarlik oyligi boshlandi va u yangi yilning 15 yanvariga qadar davom etadi.
Qarshi xalqaro aeroportida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari boshqarmasi, viloyat bojxona boshqarmasi hamda Yoshlar ittifoqining viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda mazkur oylik doirasida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.
O‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning faol hayotiy pozitsiyasini mustahkamlash, mamlakat kelajagi uchun fuqarolik mas’uliyati hissini oshirishga qaratilgan tadbirda Qarshi shahridagi maktablar hamda akademik litseylar o‘quvchilari ishtirok etdi.

Ularga dastlab aeroportda bo‘lish qoidalari tushuntirildi. Aerovokzal xavfsizligi tekshiruvidan o‘tish, chipatalarni rasmiylashtirish, yuklarni bojxona nazoratiga topshirish, hududga kirib kelish va chiqishda joriy etilgan “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimining ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng yoshlar chegara xizmati harbiy xizmatchilarining ko‘rgazmali chiqishlarini kuzatdilar, harbiy qurol-aslahalarni ko‘zdan kechirdilar, aerodrom va samolyotlarga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus texnikalar bilan yaqindan tanishib, bir olam zavq oldilar.

Bu kabi tadbirlar yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, ularni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
O‘.BAROTOV,O‘zA