“Kim nimani yaxshi koʻrur?”
Bir asr. Oʻzgarish va oʻnglanish uchun yetarli fursat. Ammo shuncha vaqt mobaynida ham ayrim illatlarni yoʻq qilib, yoʻqotib boʻlmas ekan.
Bir asr. Oʻzgarish va oʻnglanish uchun yetarli fursat. Ammo shuncha vaqt mobaynida ham ayrim illatlarni yoʻq qilib, yoʻqotib boʻlmas ekan. Yetuk pedagog va axloqshunos bobomiz Abdulla Avloniyning “Kim nimani yaxshi koʻrur?” maqolasini oʻqib, shunday xulosaga keldim. Chunki unda bugungi kunimizdagi baʼzi kemtiklar oʻz holicha, boricha aks ettirilganday taassurot qoldirdi menda.
Jumladan, muallif maqolada maʼnaviyat ojiz qolib, jamiyat tubanlik yoqasiga kela boshlagani, mehr-oqibat koʻtarilib, loqaydlik avj olganidan zorlanadi. Xalqni millat va uning maʼnaviyati, qadriyatlari, oʻzligini asrab qolishga chorlaydi.
“Bizning bu holga tushishimiz oʻz feʼli xoʻyimizdan”
Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar”da shu fikrni taʼkidlaydi. Ammo bu maʼrifiy xitobga hech kim quloq tutmaydi. Menimcha, bugungi kunda bu xato takrorlanmaydi. Chunki hozir yuksak maʼnaviyatga, kamolotga intiluvchi va milliy oʻzlikni asrab qolguvchi maʼrifatparvarlar bir asr avvalgidan koʻra koʻproq.
Abdulla Avloniy oʻzining “Kim nimani yaxshi koʻrur?” deb nomlagan kichik bir asarida turli kasbu kor toifalari orasida fazilat oʻrniga illatlar urf boʻlgani natijasida millat tanazzulga yuz tutayotganidan yozgʻiradi.
Abdulla Avloniy maʼnaviyat inqirozini kasbiy masʼuliyatsizlik va loqaydlikda koʻradi. Xususan, olimlar, toʻgʻrirogʻi, olimlikni daʼvo qiluvchilar hamda oʻqituvchilar orasidagi ayrim illatlarni tanqid qiladi:
“Ulamolarimiz darsu taʼlim oʻrnigʻa, bir-birlari ila oʻrun talashib, mukarrir va mudarris boʻlishni, oʻzlari boʻlolmay qolsalar, eshikma-eshik yurub saylovni buzishni yaxshi koʻrurlar.
Muallimlarimiz bir-birlaridan qizgʻonishub, bolalarni arzon oʻqitaman deb, bir oʻzlariga yuz, yuzdan ortuq bola yigʻub, oʻzlari toʻy va maʼrakalarda bolalarning umrini bekor oʻtkarishni yaxshi koʻrarlar,” deb yozadi.
Bu aniq dalillarga ham masʼuliyatsizlik, sadoqatsizlik, gʻarazgoʻylik, molparastlik, mansabparastlik, eʼtibortalablik, noinsoflik va hasad kabilar sabab boʻlgani yaqqol koʻrinib turibdi.
“...shuncha oʻquganing yetar, pul top!”
Avloniy oʻz davrining boylari, savdogaru doʻkondorlariga xalq ahvolidan xabar olmaslik, faqat oʻzini oʻylash, illatlarga berilish aybini qoʻyadi. Mana isboti: “Boylarimiz orqa-oʻnglarigʻa qaramasdan, foyda va zararlarini oyirmasdan bir-birlarigʻa raqobat qilaman deb, “bonka” va “kridit”larini koʻpayturub, doʻffilari tor kelganda oʻzgalarning mollarini bukub-sinishini yaxshi koʻrurlar.
Moʻysafidlarimiz namoz va niyoz oʻrnigʻa, masjid eshigiga yigʻilub oʻturub, har kimni gʻiybat va shikoyat qilishni yaxshi koʻrurlar.
Savdogarlarimiz: “Toʻylikni toʻyi oʻtar, toʻysizni kuni oʻtar” degan soʻzga amal qilmay, qaysi mahallada toʻy boʻlsa, dasturxonchilik qilishni yaxshi koʻrurlar.
Doʻkondorlarimiz ishlarini tartib-la solmay, zamonagʻa muvofiq ish yuritmay, Mallaxon zamonidan qolgʻon eski doʻkon, eski tos, eski tartiblarini yaxshi koʻrurlar” deb, ularning boʻyniga haqli ravishda hasad, ochkoʻzlik, xudbinlik, gʻiybatchilik, isrofgarlik, aqidaparastlik, hafsalasizlik, zamondan orqada qolish, taraqqiyotni tushunmaslik va bilimsizlik kabi illatlarni boʻyinturuq qiladi.
Millat xarakteri tarbiya asnosida shakllanadi. Oilalardagi tarbiya esa milliy tarbiyaning negizi. Har bir oiladagi tarbiya asosida millat maʼnaviyati, fazilati rivoj topadi. Avloniy shu haqda soʻz ketganda odamlar axloqida uchrayotgan illatlardan arz qiladi. Ayniqsa, ota-onalarning tarbiya masalasida oʻta loqayd va befarq ekanliklarini yozadi:
“Onalarimiz bilim va tarbiya oʻrnigʻa erlari ila urushub-talashub qizlarigʻa mol qilmakni yaxshi koʻrurlar,” – deydi maʼrifatparvar olim. Otalar haqida: “Otalarimiz bolalarigʻa oʻqutmak va taʼlim bermak oʻrnigʻa “Oʻgʻlum emdi kattakon yigit boʻlding, shuncha oʻquganing yetar, pul top!” – deb “tashishka” – hammollik qildirishni yaxshi koʻrurlar,” deb noliydi.
Bu bilan ular molparastlik, janjalkashlik, oʻjarlik, qoloqlik, maʼnaviy tubanlik, bola tarbiyasiga befarqlikdan xalos boʻlib, fazilatlarni egallamasa, millat kelajagi xavf ostida qolaverishini ochib berishga urinadi.
Afsuski, ota-onalar masalasida bugun ham ayrim salbiy fikrlar bildirilmoqda. Va yana, afsuski, hozir ham Avloniy davridagi kabi tarbiyaga nisbatan begʻam ayrim otalar va onajonlar topiladi. Shuning uchun biz tarbiyani, avvalo, oiladan boshlash lozim, degan tamoyilga yana koʻproq eʼtibor qaratishimiz lozim boʻladi.
Sabab – ilm va hunardan mahrumlikda
Abdulla Avloniy oʻzi yashagan davrning ayrim hunarmandlari haqida shunday yozadi: “Kosiblarimiz bir-biridan mollarini arzon sotaman deb, tezgina yirtiladurgʻon, tikishlar undan urub, mundan chiqgʻon, suvni yetti chaqirim yerdan chaqiradurgʻon mahsi va etiklar tikub, sotishni yaxshi koʻrurlar.
Zargarlarimiz yigirma tiyinlik kumush, oʻn tiyinlik tillo orasigʻa mum va saqichlar joylab, ismini qiz hayron, zebigardon qoʻyub, besh-oʻn soʻmga sotishni yaxshi koʻrurlar.
Tabiblarimiz dolchin, zanjabil, hubbul malik, filfil kabi bir necha attorni qutisida yoʻq narsalardan murakkab doru va maʼjunlar yasab, bechora nodon xalqning pulini olishni yaxshi koʻrurlar.
Muharrirlarimiz koʻb-koʻb oqcha olib, oz-oz yozishni yaxshi koʻrurlar”.
Bularning sababi shu kasb-hunardami? Yoʻq. Ularni egallagan ilakishib qolgan noinsoflik, aldamchilik, qalloblik, koʻzboʻyamachilik, soxtakorlik, gʻirromlik, ishyoqmaslik, dangasalik va vijdonsizlikda. Yomon tarbiya natijasi boʻlgan mana shu illatlar sabab xalqqa halol xizmat qilish oʻrniga odamlarni aldab, chuv tushurib, nopok rizq topishgan.
Ishratbozlik, bachkanalik, buzuqchilik, madaniyatsizlik, axmoqlik, oʻyinbozlik (ludomaniya). Avloniyning yozishicha, bular unga zamondosh ayrim mashshoq, hofiz hamda shoirlarning axloqidagi nuqsonlar edi. Ular aslida xalqning madaniyati va maʼnaviyatini yuksaltirish uchun masʼullar. Biroq, “Shoirlarimiz milliy sheʼr va adabiyot yozishni oʻrnigʻa muvashshahmi yoki “qoshingdan, koʻzingdan”, – deb, janonlarni maqtab fasod axloqgʻa sabab boʻladurgʻon sheʼrlar yozishni yaxshi koʻrurlar”. Demak, biz “ommaviy madaniyat” deb atayotgan illat oʻsha davrlarda ham boʻlgan koʻrinadi. Buning tasdigʻini “Shum bola” badiiy filmidagi “Oyinai jahon”da ham koʻramiz.
Maʼrifatparvar olim oʻziga zamondosh, vatandosh ishchilarni ilm va hunardan mahrumligini tanqid qiladi. Boshqa millatlar ishchilari (ilmu maʼrifatlari orqali) kuniga 4-5 soʻm ishlab topayapti-yu, nega oʻzbek ishchilari kuniga uch tangaga mardikorlikni, bir oyga oʻn besh soʻmga qorovullik qilishni, yigirma soʻmga fanar yoqishni, oʻn soʻmga koʻnka yoʻlini tozalashni va shularga oʻxshash eng past va ogʻir xizmatlarni yaxshi koʻrishlaridan oʻrtanadi. Buni oʻz kelajagiga hafsalasizlik, masʼuliyatsizlik, begʻamlik deb baholaydi. Sabab – ilm va hunardan mahrumlikda, deydi muallif. Demak, buning maʼnaviy sabablari ilm va hunarga oʻrgatmagan ota-onalarning zimmasida.
“... hozirgi zamonda indamasdan turishni yaxshi koʻrurman”
Avloniy maqola orqali yoshlarni fazilatli, ilm-hunarli qilib tarbiyalasa, jamiyat taraqqiyot sari ildam qadamlar bosishi muqarrar demoqchi boʻladi. Maʼnaviy mustamlakachilik azobini boshdan kechirayotgan jamiyat aʼzolarini uygʻotishga harakat qiladi, odamlarni millat taqdiriga daxldorlikka undaydi. Biroq atrofidagilarning bu chorlovga befarqligi, loqaydligi maʼrifatparvar olimga azob beradi. Shu bois u maqolani gʻalati yakunlaydi:
“Ammo men boʻlsam, hozirgi zamonda indamasdan turishni yaxshi koʻrurman”. Buning esa maʼnosi koʻp. Bu bilan Avloniy ataylab, “Men loqaydman” deb, beeʼtibor qarab turuvchilarni tanqid qilmoqda. Aslida bu maqola milliy ozodlikni, maʼnaviyatning bugungi kabi yuksalishini orzu qilgan millat taqdiriga yuksak daxldorlikni his etganining namunasi edi.
Beparvo boʻlishga haqqimiz yoʻq
Xulosa shuki, jamiyatda maʼnaviyat va maʼrifat ojiz qolsa, yuksalish va taraqqiyot ham ortga qarab ketadi. Aksincha, ular yuksalsagina moddiy hayot yaxshilanadi, shundagina iqtisodiyot ham yuksaladi.
Bugun ana shunday. Mamlakatni taraqqiy ettirish uchun faqat moddiy emas, maʼnaviy masalalarga ham jiddiy eʼtibor qaratish lozimligini zamon talab qilayapti. Bu esa yoshlarni yuksak axloqiy tarbiyalashdagi ijtimoiy-falsafiy muammolarni aniqlash va ularni hal qilish yoʻllarini topish, globallashuv davridagi mafkuraviy va axborot tahdidlarining oldini olishdek ulkan vazifalarni hal etishni taqozo qilayotgani davlatimiz rahbari tomonidan takror-takror taʼkidlanmoqda.
Shunday ekan, “hozirgi zamonda indamasdan turishni yaxshi koʻrurman” demasdan, bugun har bir yoshni u qaram boʻlishi mumkin boʻlgan illatlardan asrab, milliy maʼnaviyat bilan sugʻorilgan fazilatlar bilan tarbiyalash har birimizning burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim. Chunki yuz yil avval qanotlari bukilgan millat bugun qudratli yangi qanotlar bilan yuksaklikka parvoz qilmoqda.
Bunday jarayonda islohotlar samarasi shaxs maʼnaviyatiga borib taqalar ekan, ustozimiz, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov taʼkidlaganidek, milliy xarakterimizga ham innovatsiyalar kiritishimiz taqozo etilmoqda. Ilmiy pedagogik-psixologik tadqiqotlar oʻtkazib, hozir qaysi fazilatlarimiz kuchli-yu, qaysilari kuchsiz? Qanday illatlardan qutilishimiz kerak?, Qaysi fazilatlarni kuchaytirishimiz kerak?, degan savollarga xolis, ilmiy javoblar kerak. Oʻtmishdagi bobolarimizning yuksak maʼnaviyatiga mahliyo boʻlib, u bilan maqtanib, oʻzimizning bugungi maʼnaviyatimizga beparvo boʻlishga haqqimiz yoʻq.
Shunday ekan, taklifimiz shuki, kelgusi oʻquv yilidan boshlab yetakchi oliy taʼlim muassasalarida magistratura bosqichida milliy gʻoya mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq boʻlar edi. Xuddi shuning davomi sifatida “Milliy gʻoya nazariyasi va amaliyoti”, “Gʻoyalar tarixi va metodologiyasi”, “Milliy gʻoya targʻiboti texnologiyalari” ixtisosliklari boʻyicha doktoranturani tashkil etish ham foydadan xoli boʻlmaydi.
Vatan bizdan jon, sogʻliq, mablagʻ soʻrayotgani yoʻq
Falsafa fanlari doktori, professor Ismoil Saifnazarov bilan milliy gʻoya xususida suhbatlashib qoldim. Ustoz ham milliy gʻoya masalasi haqida shunday fikr bildirdilar:
– Milliy gʻoyamizni konkretlashtirishimiz, hayotga hamohang ravishda ishlab chiqishimiz zarur. Masalan, “Mening oilam – mening baxtim”, “Mening mahallam – mening faxrim”, “Ustozim – hayotim chirogʻi” va hokazo. Bunda taʼlim muassasalaridagi ijtimoiy fanlar oʻqituvchilari oʻquvchi va talabalar bilan namunali oilalar, mahallalar, maktablarga borib, shu kabi mavzularda chiroyli taqdimotlar qilish lozim. Yoshlarni nazariya bilan amaliyot birligiga oʻrgatishimiz zarur. Shunaqa aniq loyihalar bilan ishlasak, ijtimoiy-gumanitar fanlarimizning ham, oʻqituvchilarning ham milliy yuksalishga qoʻshgan hissasi yanada koʻpaygan boʻlar edi.
Shu suhbatdan keyin “Xalq soʻzi” gazetasida katta maqola eʼlon qilindi. Nomi “Milliy gʻoya saodatga eltadi”. Muallifi – Muhammadjon Quronov. Bu gal kamina fikrlarimni ustozning ana shu maqolasidan olingan quyidagi soʻzlar bilan yakunlamoqchiman:
“Milliy gʻoya – xalq orzusi, niyatining ifodasi. U qotib qolgan orzu, niyat emas. U milliy rivojlanishning yangi talablaridan kelib chiqib yangilanib turadi. 22-dekabr milliy gʻoyamiz rivojida ana shunday, tarixiy yangilanish kuni boʻldi. Prezidentimiz “Milliy gʻoya nima uchun kerak?”, degan savolni oʻrtaga tashladi. Javobini ham bir oʻzak jumlaga jo qilib aytdi: “Vatanni sevish uchun”. Bu qisqa jumlada Vatan qadar keng, katta maʼno mujassam.
...Ikkinchi jahon urushidan keyin Vatanni tiklash, rivojlantirish uchun jonini, molini, sogʻligʻini, och, azobli mehnatini bergan yapon, koreys, nemis xalqlarining bugungi rivojiga havas qilishadi. Ular kelajakka ishonch bilan, oʻz milliy gʻoyalarini mahkam tutib, sadoqatli mehnat orqasidan bugungi farovonlikka erishganini yaxshi bilamiz.
Bugun Vatan bizdan jon, sogʻliq, mablagʻ soʻrayotgani yoʻq. Oʻzimiz maosh olib qilayotgan vazifalarimizni halol-pok, sifatli, natijali bajarishni soʻrayapti. Agar shunga ham yaramasak, biz qanday farzand boʻldik Vatanga?!”