Kichik biznes uchun yangi davr boshlanmoqda
Buxoro viloyat coliq boshqarmasida Soliq qo‘mitasi rahbariyati hamda soha mutaxassislari ishtirokida kichik va o‘rta biznes vakillari uchun ochiq muloqot tashkil etildi.
Ochiq muloqotda ishtirokchilarga soliq sohasida joriy etilayotgan muhim yangiliklar, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qo‘shimcha qulayliklar va amaliy yengilliklar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Ayniqsa, kichik biznes sub’ektlarining faoliyatini kengaytirish va ularning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi yangiliklar tadbirkorlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 1-iyunidan boshlab kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tish chegarasi avvalgi 1 milliard so‘mdan qariyb 5 milliard so‘mgacha oshirildi. Bu esa minglab tadbirkorlarga o‘z faoliyatini kengaytirish jarayonida ortiqcha ma’muriy yuklamalarsiz ishlash imkonini beradi. Shuningdek, import bilan shug‘ullanuvchi kichik biznes sub’ektlarini majburiy tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilindi. Bu esa tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning xarajatlari va vaqt sarfini sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yangilik sifatida savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun QQSning soddalashtirilgan 6 foizli tartibi joriy etilgani ma’lum qilindi. Ushbu mexanizm biznes uchun hisob-kitoblarni soddalashtirib, faoliyatni yanada shaffof va samarali tashkil etish imkonini yaratadi.
Muloqotning asosiy mavzularidan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmoni bo‘ldi. Mazkur tarixiy hujjat mamlakatimizda kichik biznesni iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirishga qaratilgan strategik qaror sifatida e’tirof etilmoqda.
Farmon bilan tadbirkorlik sub’ektlarining erkin faoliyat yuritishi, investitsiyalarni jalb etishi, ishlab chiqarish hajmini oshirishi va yangi ish o‘rinlari yaratishi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Eng muhimi, davlat tomonidan tadbirkorlarga bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlanib, ularning faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarni qisqartirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va biznesni rivojlantirish uchun qulay muhit shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, mazkur farmon nafaqat soliq yukini yengillashtirish, balki mamlakatimizda millionlab aholi uchun yangi daromad manbalari, zamonaviy ish o‘rinlari va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladigan muhim dasturiy hujjat hisoblanadi. Bu esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim ustunlaridan biri bo‘lgan tadbirkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishi, shubhasiz.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar, taklif va mulohazalarini bildirdilar. Bunday uchrashuvlar davlat organlari bilan biznes vakillari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, mavjud muammolarni tezkor hal etish hamda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri