Kichik biznes salohiyati oshmoqda
Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Unga muvofiq partiya deputatlar guruhi parlament tomonidan qabul qilingan qonunlarning amalda ro‘yobga chiqarilishi va kichik biznes vakillari huquqlari ustuvorligini ta’minlashga e’tibor qaratadi. Bunda xo‘jalik subyektlari faoliyatini va ularning bank hisobraqamlari bo‘yicha operatsiyalarini noqonuniy to‘xtatish, ularning hisoblarida mablag‘ borligi to‘g‘risidagi ma’lumotni asossiz talab qilish, tadbirkorlarni mablag‘ ajratish bilan bog‘liq xayriya ishlari va boshqa tadbirlarga majburiy jalb qilish kabi holatlarga chek qo‘yish borasidagi chora-tadbirlar qo‘llab-quvvatlanadi.
Mamlakatimizni demokratik yangilash, iqtisodiyotda, avvalo sanoat va qishloq xo‘jaligidagi tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish, xususiy mulk hamda kichik biznesni rivojlantirish, makroiqtisodiy mutanosiblikni ta’minlash masalalari partiya faollarining doimiy e’tiborida bo‘ladi.