Kiberxavfsizlikka qarshi kurashish har bir insonning mas’uliyati
Bugungi kunda xalqaro maydonda, dunyoning turli mamlakatlarida ro‘y berayotgan kiberjinoyatlarning har xil turdagi salbiy ko‘rinishlari yurtimiz aholisi, jamiyatimizning turli qatlamlarida ham u yoki bu ko‘rinishda ko‘zga tashlanmoqda.
Telekommunikatsiya tarmoqlari va aloqa kanallarining ko‘payishi natijasida turli darajadagi axborot tizimlari orqali amalga oshirilayotgan firibgarliklardan oddiy insonlarni, jamiyat va davlat manfaatlarini samarali himoya qilish, axborot infratuzilmasi barqarorligini ta’minlash, raqamli iqtisodiyot tarmoqlarida kiberxavfsizlikni yanada kuchaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish bugungi kunda ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Sport vazirligida soha xodimlari va mutaxassislar uchun Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda axborot xavfsizligi, kibergigiyena va zamonaviy kiberfiribgarlik sxemalariga qarshi kurashishga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminar-treningda shu haqda so‘z bordi.

Seminarda soxta qo‘ng‘iroqlar va xabarlar, zararli havolalar va ilovalar, telegram akkauntlarini egallash, mutasaddilar nomidan soxta topshiriqlar yuborish, shuningdek sun’iy intellekt va boshqa texnologiyalardan foydalanib amalga oshirilayotgan firibgarliklar haqida tushunchalar berib o‘tildi.
Shuningdek, shubhali havola va fayllarni ochmaslik, tegishli ma’lumotlarni begona shaxslarga bermaslik, tarqatmaslik, akkauntlarni qo‘shimcha himoya qilish hamda shubhali murojaatlarni ishonchli aloqa tizimlari orqali tekshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berib o‘tildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA