“Kelajak muhandislari” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni muhandislik va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, zamonaviy iqtisodiyotning innovatsion o‘sishini ta’minlaydigan ilg‘or texnologiyalarni yarata oladigan yangi avlod muhandislarini tayyorlash, shuningdek eng salohiyatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2024/2025 o‘quv yilida muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” Respublika ko‘rik tanlovi o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Tanlovda yurtimizdagi faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim, ilmiy tadqiqot muassasalari, sanoat tashkilotlarining 40 yoshdan oshmagan professor-o‘qituvchilari, talabalari hamda amaliyotchi muhandislari ishtirok etishi mumkin.
Toshkent shahridagi “INNO Technopark”da “Kelajak muhandislari” Respublika ko‘rik-tanlovining mazkur yo‘nalishlari g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov so‘zga chiqib, mamlakatimizda muhandislik ta’limini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarning innovatsion g‘oya va ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, vazir muhandislik sohasida bilim va ko‘nikmaga ega, amaliy muammolarga zamonaviy yechimlar taklif eta oladigan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.

“Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” tanlovlarining 9 nafar birinchi o‘rin sohibiga BYD Chazor avtomobillari topshirildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Marosim doirasida “Eng yaxshi ayol muhandis” nominatsiyasi g‘olibiga ham mukofotlar topshirildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA