Keksalari e’zoz topayotgan yurt
Navoiy viloyati Uchquduq tumanida Vazirlar Mahkamasining “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida “Keksalar haftaligi” o‘tkazilmoqda.
Haftalik doirasida tumanda istiqomat qilayotgan nuroniylarning holidan xabar olish, ularni ma’naviy va jismoniy qo‘llab-quvvatlash, hurmat-ehtirom ko‘rsatish va e’zozlash bo‘yicha manzilli ishlar olib borilmoqda.
“Nuroniylar maskani”da turli millat vakillaridan iborat otaxon va onaxonlarimiz jam bo‘lib, bir piyola choy ustida suhbat qurishmoqda. Bu yerda nuroniylar o‘rtasida shaxmat-shashka musobaqalari tashkil etilib, ularning vaqti mazmunli o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
“Odam taftini odam oladi” shiori ostida ayni paytda turli xastaliklar va baxtsiz hodisalar tufayli to‘shakka mixlanib yotib qolgan, nogironligi bo‘lgan keksalar holidan xabar olinib, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatilmoqda.
Jumladan, “Do‘stlik” mahallasida istiqomat qiluvchi birinchi guruh nogironi Lobar Tashanovaga nogironlik aravachasi berildi.
“Qarilikni donolik bezar” loyihasi doirasida esa “KELAJAK” yoshlar markazida turli tadbirlar o‘tkazilib, unlarda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, shuningdek, yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashdagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritilmoqda.
“Mingbuloq” ovulida “Bir piyola” choy ustidagi tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda so‘z olganlar ovulning keksa avlod vakillari, onaxon va otaxonlar ishtirok etib, ko‘p yillik boqiy qadriyat va an’analarimiz, ota-bobolarimiz bosib o‘tgan hayot yo‘li boshqalarga ibrat bo‘lishi zarurligi to‘g‘risida to‘xtaldi. Ko‘rsatilayotgan mehr va e’tibordan keksa avlod vakillari ko‘zlarida shukronalik nigohlarini ko‘rish mumkin edi.
Tadbir doirasida tashrif buyurgan respublika mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Xayriniso Mirzajonova hamda Navoiy viloyati hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Malika Mamadiyarova “Mingbuloq” ovul fuqarolar yig‘ini qoshida faoliyat yuritayotgan “Qыz jasau” tikuvchilik sexi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Bu yerda mehnat qilayotgan tikuvchi qizlar bilan suhbatlashdi.
– “Qarisi bor uyning – parisi bor”, degan hikmatli so‘zlar bejiz aytilmagan, – deydi Xayriniso Mirzajonova. – Ana shu olijanob qadriyat, fazilat bugun kundalik hayotimizda ham o‘z ifodasini topganligi davlat siyosatining insonparvarlikka yo‘g‘rilgani namunasidir. Qum barxanlari, cho‘ldagi qo‘y-qo‘zilarni boqib yurgan cho‘ponlar hayoti menga qiziq va sirli tuyulgan. Bugun o‘sha men ko‘rishni orzu qilgan Uchquduqdaman. Manzara tamoman boshqacha. Navqiron va go‘zal shahar. Odamlari juda mehmondo‘st, qariyalarning yuzlaridan nur yog‘iladi.
Xayr-saxovat va ezgu amallarga yo‘g‘rilgan “Keksalar haftaligi” doirasidagi yuqoridagi kabi chora-tadbirlar tumanimiz mahallalarida olis-olis ovullarida keng quloch yoyib, yoshi va kasb-koridan qat’iy nazar, barchani unda faol ishtirok etishga, qariyalarimiz holidan xabar olib, duolaridan bahramand bo‘lishga chorlamoqda.



Rayhon Qodirova,
Uchquduq tuman hokimligi axborot xizmati rahbari.
O‘zA