Keksalar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanmoqda
Qaror va ijro
Toshkent viloyati Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi mas’ullari, soha xodimlari, hudud faollari qatnashdi.

Prezidentimizning 2023 yil 27 dekabrdagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ilgari “Saxovat” keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylari Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi sifatida qayta nomlandi.


Xususan, Ohangaron shahridagi 255 o‘ringa mo‘ljallangan bino 1972 yildan o‘z faoliyatini boshlagan. Hozirda 237 nafar shaxslar mavjud sharoit va qulayliklardan foydalanmoqda. Bu yerda nafaqat o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, balki farzandlari va qarovchilari bo‘lgan nuroniylar, alohida parvarish talab qiladigan insonlarga shartnoma asosida 30 dan ziyod ijtimoiy-tibbiy, madaniy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.


– Farzandlari mehnat safarida bo‘ladigan va tahsil olish uchun ketgan keksalar, muntazam tibbiy nazoratga muhtoj insonlar ko‘p uchraydi, – deydi Toshkent viloyati Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi direktori Bahrom Aralov. – Ular uyda yolg‘iz qolmasligi kerak. Bunday hollarda ruhiy tushkunlikka tushib qolishi mumkin. Bizning markazimiz esa ularni ham qamrab olish imkoniga ega.
Tadbir davomida ishtirokchilarga binoda yaratilgan sharoitlar ko‘rsatildi. Shu yerdagi keksalar bilan dildan suhbat qilindi.


A.Musayev, O‘zA.