Keksalar holidan xabar olindi
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti tomonidan hududlarda xayriya va ijtimoiy ko‘mak aksiyasi tashkil etilmoqda.
Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushida mamlakatimizning 1,9 milliondan ortiq aholisi qatnashgan. Ulardan 540 mingdan ziyodi halok bo‘lgan, qariyb 160 ming nafari bedarak yo‘qolgan. Ayni paytda O‘zbekistonda 80 nafarga yaqin urush qatnashchisi va 5 mingga yaqin mehnat fronti faxriylari istiqomat qilmoqda.


Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti mehnat faxriylarini xotirlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan aksiya doirasida xodimlar va talabalar institut joylashgan Baynalminal mahallasida istiqomat qiluvchi nuroniy otaxon va onaxonlar holidan xabar olib, ular bilan samimiy suhbat o‘tkazdi.


Tashrif davomida keksa avlod vakillarining turmush sharoiti va kundalik ehtiyojlari bilan yaqindan tanishilib, volontyor talabalar tomonidan xonadonlarni obodonlashtirish va maishiy ishlarda amaliy yordam ko‘rsatildi. Ushbu ezgu tashabbus jamiyatda mehr-oqibat, hurmat va ehtirom muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mazkur aksiya yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularda insonparvarlik va kattalarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


Gulnoza Boboyeva, O‘zA