Keksalar faxrimiz, iftixorimiz
Inson dunyoga kelar ekan u avvalo oilada shakllanadi, so‘ng ijtimoiyat farzandiga aylanadi. Hayotining har bir davrida u muayyan bilimga, malakaga, tajribaga ega bo‘lib, jamiyat a’zolari bilan muloqotga kirishadi. Kishining keksalik davri turmushning achchiq-chuchugini boshdan o‘tkazgan, hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, oq va qorani ajrata oladigan, har qanday masalaga yondashuvda adolatni, to‘g‘riso‘zlikni ustuvor sanaydigan shaffof davri sanaladi. Shuning uchun ham keksalar doimo e’zoz va ehtiromda.
Keksalarni qadrlash, ularga hurmat-e’tibor ko‘rsatish borasida dunyoda bizning xalqimizdek bag‘rikeng, mehr-muruvvatli xalq bo‘lmasa kerak. Keksalarni e’zozlashga dinimizda ham alohida e’tibor qaratilgan. Imonga boy bo‘lgan, e’tiqodi mustahkam, purfikr va ixlosli nuroniylarning fazilatlari Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) sunnatlariga muvofiqdir. U zot keksalarning fazilatlarini sanab o‘tib, ularni e’zozlashni shart qilganlar.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini, ilm-fanini, ma’naviyatini, ma’rifatini va boshqa sohalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini inobatga olib Prezidentimiz tavsiyasi bilan tashkil etilgan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan ikki yil davomida 100 dan ortiq andijonlik nuroniylar taqdirlandi.
[gallery-6649]
Yana bir e’tiborli jihat shundaki, viloyatdagi 11 nafar Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilarining barchasiga 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni taqdim etiladi. Viloyatda keksalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy-ma’rifiy sohada, sport-sog‘lomlashtirish, ziyorat, turizm va sayohat tashkil etish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatdagi 886 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshida nuroniylardan iborat tayanch guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, ular jamoatchilik asosida mahalla boshqaruvida faol ishtirok etmoqda. “O‘nta yoshga bir Nuroniy” shiori ostida keksa otaxon va onaxonlarimiz yoshlar tarbiyasi, ma’naviyati, axloq-odobi va oilaviy turmush tarzi bo‘yicha suhbatlar o‘tkazmoqda, maslahatlar berib, muammolarni hal etishga ko‘maklashmoqda.
Keksalar uchun eng zaruriy muruvvat bu ularning sog‘ va salomat bo‘lishlari uchun sharoitlar yaratish, tadbirlar tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini ularning hayotiy ehtiyojlari darajasiga ko‘tarishdir. Jumladan, “Inson inson uchun” shiori ostida o‘tkazilgan oylik doirasida 442 nafar uyda yotib qolgan, 319 nafar shifoxonalarda davolanayotgan keksalarning holidan xabar olindi, 186 nafar keksalarning uylarida hashar tashkil qilindi. Sakson nafar nuroniy Andijon tumanidagi Bobur sihatgohida salomatligini tikladi.
“Keksalar oyligi” doirasida keksa avlod vakillari ishtirokida sport musobaqalarining tashkil etilishi, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi, sayohatlar uyushtirilishi – bularning barchasi ularning umrlariga umr qo‘shmoqda, hayotlarini yanada fayzli o‘tishiga xizmat qilmoqda.
Viloyatdagi 17 ming 680 nafar keksa faxriylar ziyorat turizmi ob’ektlariga, muqaddas qadamjolarga va muzeylarga, shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm kabi tarixiy shaharlar va boshqa viloyatlarga sayohatlar uyushtirildi.
“Qariyalar – xonadonlarimizning fayzi va farishtasi” deganlariday, to‘yu hashamlarda, hasharu tadbirlarda qo‘llarini duoga ochib, yurtimizga tinchlik, osmonimizga musaffolik, xalqimizga hamjihatlik tilayotgan keksalarimiz omon bo‘lsin.
Ma’murjon SAIDXONOV,
Andijon davlat universiteti dotsenti, mehnat faxriysi,
O‘zA