Kazinform: Toshkentda transport yo‘lagini rivojlantirish muhokama qilindi
Toshkent shahrida Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston temir yo‘l ma’muriyatlari vakillari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda CASCA+ multimodal xalqaro transport yo‘lagini yanada kengaytirish va umumiy transport-logistika tizimini mustahkamlash masalasi diqqat markazida bo‘ldi.
Muzokara davomida tomonlar konteyner tashuvi ko‘lamini kengaytirish, muvofiqlashtirilgan tarif siyosati yuritish hamda harakatlanuvchi tarkib bilan ta’minlash masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.
“CASCA+” yo‘lagi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya o‘rtasidagi transport bog‘liqligini mustahkamlab, Yevropa bozoriga yo‘l ochadi. Munozara yakunida ishtirokchi mamlakatlar Osiyo va Yevropani bog‘lovchi mazkur xalqaro yo‘lak samaradorligini oshirish va o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladilar. Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi (TXTY) bo‘yicha yuk tashish miqdori joriy yil dastlabki sakkiz oyida 22 foiz, Sharq – G‘arb tranzit tashuvi esa 55 foiz ortgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA