Kattaqo‘rg‘onliklar “Save aral”da qatnashdi
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida “Yangi nafas” sport va ijtimoiy harakati hamda “Save Aral” (“Orolni qutqaramiz”) xayriya aksiyasi doirasida ommaviy yurish va yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida o‘tkazilgan tadbir turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi, Samarqand viloyati va Kattaqo‘rg‘on tumani hokimliklari hamkorigida tashkil etildi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari B.Nurullayev, Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasina bajaruvchi Jamshid Nasriddinov tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritdi va marafonda ishtirok etdi.

Turli kasb egalaridan iborat 2500 nafardan ziyod ishtirokchilar marra chizig‘iga qadar 3 ming metr masofani bosib o‘tdi. Mullako‘rpa mahallasi “Sayram” savdo majmuasi oldida joylashgan finish chizig‘iga birinchilardan bo‘lib yetib kelgan g‘oliblar – 7 yoshli Vorisbek Akramov, 60 yoshli Zamira Usmonova hamda 86 yoshli Ahmad Rashidov musobaqa tashkilotchilari tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.





G‘.HASANOV, O‘zA