Katta kino qisqa yo‘llar bilan emas, bilim, tajriba va iste’dod bilan yaratiladi
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov yoshlar bilan uchrashdi.
Tadbirda taniqli kinoaktyor Alisher Uzoqov ham ishtirok etib, yoshlar bilan o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.

Ochiq muloqot davomida bildirilgan fikrlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Unda ta’kidlanganidek, ijodiy tanlovlar istiqbolsiz loyihalarni emas, avvalo, iste’dodlarni saralashga xizmat qilishi kerak. Har bir yosh rejissyorning asosiy vazifasi, avvalo, o‘z xalqi va millati uchun film yaratishdan iborat bo‘lishi zarur.
Yoshlar son-sanoqsiz qisqa metrajli filmlar olishni emas, o‘z bilim va tajribalarini oshirishni maqsad qilishi kerak.

— Birov uddaburonligi bilan maqtanyapti: «Mana, qisqa vaqtda davlatga ikkita tarixiy film qilib berdim», deb, — ta’kidladi Jahongir Ahmedov. — San’atda, xususan, kinoda uddaburonlik emas, iste’dod birlamchi. Yoshlar uchun, eng avvalo, sohada xalqaro malaka va tajriba oshirish imkoniyatlarini yaratib beramiz. Dunyoni ko‘ringlar, bilim va tajriba oshiringlar. Sizlar jahondagi nufuzli kinofestivallarning short-listlariga kirishga intilinglar. Kino ikki xil bo‘ladi: yo unga o‘z xalqing «ofarin» deydi, yo nufuzli xalqaro festivallar unga tan beradi. Bu fikrlarni esa bitta nuqta birlashtiradi: katta kino qisqa yo‘llar bilan emas, bilim, tajriba va iste’dod bilan yaratiladi.
Samimiy ruhda o‘tkazilgan muloqot yosh ijodkorlarda katta taassurot qoldirdi.
N.Usmonova,
O‘zA