Katta futbolda “katta o‘zgarishlar” kutilayapti
So‘nggi kunlarda “Real Madrid” klubi rahbari Florintina Peres tomonidan ilagari surilayotgan Yevropa “Super ligasi” g‘oyasi qanchalik haqiqat. Hammasi “hazil” bo‘lishi ham mumkinmi?
“Qirollik klubi” rahbari anchadan buyon yirik jamoalar o‘rtasida alohida musobaqa tashkil qilish to‘g‘risida gapirib kelardi. “Covid-19” tufayli yuzga kelgan moliyaviy beqarorlik bu fikrlarni yanada jonlantirdi va boshqa yirik jamoalarda ham “Super liga”ga nisbatan qiziqish ortdi. Sababi, millionlab dollarini futbolga tikayotgan sarmoyadorlar shunchaki sportga bo‘lgan “sevgi” omili orqasidan mablag‘i havoga uchishini xohlamaydi. Shuning uchun, katta klublar Yevropa “Super ligasi” tashabusi bilan chiqib, FIFA va UEFA tashkilotiga hazilomuz salom yo‘lladi. Barchasi jiddiy bo‘lib chiqishi ehtimoli yo‘q emas.
“Real Madrid”, “Barselona”, “Atletiko”, “Milan”, “Inter”, “Yuventus”, “Arsenal”, “Chelsi”, “Liverpul”, “Manchester Siti”, “Tottenxem” va “Manchester Yunayted” kabi klublar Peresning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va ular o‘rtasidagi musobaqa shu yilning avgust oyidan boshlab start olishi mumkinligi aytilmoqda.
Buning ortidan UEFA rahbari Aleksandr Cheferin agar futbolchilar “Super liga”da to‘p tepishsa jahon va qit’a chempionatlarida o‘ynash huquqidan mahrum qilinishini takidlab chiqdi. Po‘pisalarga qaramasdan, katta klublar o‘z niyatlaridan qaytmasliklarini bildirishmoqda. Yangrayotgan fikrlarga ko‘ra, UEFA uyushtirayotgan musobaqalarning asosiy daromad manbasi ular hisoblanadi. Shu bois hozirda olayotgan mablag‘laridan rozi emaslar va daromadlar klublarning darajasiga qarab taqsimlanishi kerak.
Biroq inkor qilib bo‘lmas fakt borki, muxlislarni unchalik ham qiziqtirmaydigan klublar ham jahon futboliga ko‘plab yulduzlarni yetshtirib, “millionlar o‘yini”ning ajralmas qismiga aylangan. Agar ular alohida qoldiriladigan bo‘lsa, shundoq ham cheklangan imkoniyatlari battar bug‘iladi. Buning oqibati esa yaxshi bo‘lmasligini anglash zarur. Biz qiziqarliroqmiz degan o‘y bilan ularni shunchaki yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi. Bundan faqat futbol yutqazishi mumkin.
UEFA tushunib turibdiki, do‘q-po‘pisa bilan muammoni yechib bo‘lmaydi. Shu sabab, chempionlar ligasi formati va ishtirokchilar sonini 36 taga o‘zgartirmoqchi. Islohotlar bu bilan to‘xtab qolmasligi aniq. Boisi, klublarning egalari ham Yevro futbol rahbariyatini ochiqchasiga xafa qilish niyatida emas. Bor yo‘g‘i ko‘proq pul topishni xohlashayapti. Istaklari qanchalik qondirilishi esa muhim savol. Biroq bir narsa ravshanki, Cheferin va uning rahbarligi ostidagi tashkilot futbolning asosi bo‘lgan jamoalar tomon qadam bosishi zarur.
Nima bo‘lganda taqdirda ham, futbol kichik yoki katta o‘zgarish yoqasida turgani rost. Barchasi nima bilan tugaydi, buni vaqt ko‘rsatadi. Muxlislar esa shunchaki, futbol atalmish “san’at”dan zavqlanishni xohlaydi, xolos.
Ma’ruf Abdumalikov,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti talabasi