Kasbiy ta’lim tizim xodimlari yagona sport maydonida birlashdi (+video)
Kasbiy ta’lim agentligi markaziy apparati va tizim tashkilotlari xodimlari o‘rtasida “Direktor kubogi” sport musobaqasining respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda jamoalar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qaratildi.
Musobaqada jami 16 ta jamoa sportning beshta turi — mini-futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha g‘oliblik uchun bahslashdi. Ikki kun davom etgan bellashuvlar davomida ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, sport mahorati, chaqqonligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyon etdi. Har bir bahs qizg‘in va murosasiz kechib, jamoalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirdi.
Musobaqaning asosiy maqsadi nafaqat sportdagi g‘oliblarni aniqlash, balki xodimlarni jismoniy faollikka keng jalb etish va jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Samarqand viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi jamoasi barcha sport turlari bo‘yicha umumjamoa hisobida yuqori natijani ko‘rsatib, musobaqaning eng asosiy sovrini — “Direktor kubogi”ni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, sportning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ular diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Musobaqada o‘z mahorati, faolligi va alohida natijalari bilan ajralib turgan ishtirokchilar ham maxsus nominatsiyalar bo‘yicha e’tirof etildi.
“Direktor kubogi” sport musobaqasi Kasbiy ta’lim agentligi markaziy apparati va tizim tashkilotlari xodimlarini yagona sport maydonida birlashtirib, ular o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Bunday tashabbuslar kelgusida ham sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va jamoalarda sport madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
M.Turdaliyeva, O.Davronov,
A.Ahmedov. O‘zA