Kasbiy ta’lim bo‘yicha xalqaro hamkorlik
Bugungi kunda dunyodagi har bir islohot ortda qolmaslikni, yangi bilim va ko‘nikmalar bilan qadam tashlashni talab qilmoqda. Ta’lim sohasida esa bu jarayon yanada mas’uliyatli. Chunki bugungi o‘quvchi ertangi mutaxassisdir. Shu bois, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish, kasbiy ta’limni ilg‘or tajribalar asosida rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida o‘tkazilgan “Donor coordination” yig‘ilishida ham aynan shu masalalar yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

“Donor coordination” (donorlar faoliyatini muvofiqlashtirish) — bu xalqaro tashkilotlar, elchixonalar va donor institutlarining birgalikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish, ya’ni takrorlanishning oldini olish, samarali resurs taqsimotini ta’minlash hamda umumiy maqsadlarga erishish uchun hamkorlikni kuchaytirish jarayonidir.
Boshqacha aytganda, “donor coordination” ta’lim yoki boshqa sohada amalga oshirilayotgan islohotlarda barcha hamkorlarning harakatini bir yo‘nalishda uyg‘unlashtirish vazifasini bajaradi.

Tadbirda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yo‘ldoshev, YUNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, xorijiy elchixonalar hamda xalqaro donor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda kasbiy ta’lim tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar, 2025 yil boshidan hozirgi kungacha amalga oshirilgan ishlar, ta’lim sifatini ta’minlash, dual ta’limni rivojlantirish va o‘qituvchilar malakasini oshirish masalalari yuzasidan YUNESKO, GIZ, Helvetas va boshqa xalqaro hamkorlarning taqdimotlari tinglandi.
Muhokamalar yakunida kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish, muntazam axborot almashinuvi va hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA