Kasbga o‘qitish bo‘yicha memorandum imzolandi
Navoiy viloyati hokimligi bilan viloyat bandlik bosh boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi o‘rtasida Memorandum imzolandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur Memorandumdan ko‘zlangan maqsad, qisqa muddatli kurslar tashkil etish orqali viloyatdagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularning qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda kelajakda ularning haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi, egallagan kasblari bo‘yicha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlariga shart-sharoitlar yaratishdir.
Tomonlar mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, “Yoshlar daftari”ga tushgan fuqarolarni kasbga o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli haydovchilik kurslarini tashkil etish va kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga guvohnomalar topshirish, bandligini ta’minlash yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘radi.
Shuningdek, qisqa muddatli haydovchilik kurslarga jalb qilingan “Yoshlar daftari”dagi fuqarolarni o‘qitish va haydovchilik guvohnomasi topshirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar belgilangan tartibda viloyat hokimligi tomonidan to‘lab beriladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA