Kasb-hunar tizimida xalqaro hamkorlik
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabida Germaniya xalqaro hamkorligi jamiyati (GIZ)ning “O‘zbekiston kasb-hunar ta’limi tizimini isloh qilish va modernizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“GOPA” konsalting firmasi direktori, loyiha rahbari Yurgen Vays, jihozlarni rejalashtirish eksperti Zebastian uls, loyiha menejeri Sultan Murad Hamrayev, pedagogik innovatsiyalar kasb-hunar ta’limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti direktori Z.Xudayberdiyevlar o‘quv amaliy mashg‘ulotlar, o‘quv ustaxonasi, undagi mavjud sharoitlar bilan tanishdi.


Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati(GIZ)ning “O‘zbekiston kasb-hunar ta’limi tizimini isloh qilish va modernizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash” mintaqaviy loyihasi mehnat bozori ehtiyojlariga ko‘ra kasbiy ta’lim va kadrlar tayyorlash jarayonini muvofiqlashtirish, xalqaro standartlarga javob beradigan va Markaziy Osiyo mintaqasiga mos keladigan ikki tomonlama kasb-hunar ta’limi va kadrlar tayyorlash milliy tizimini joriy etish, shuningdek, qishloq joylarida yengil sanoat va to‘qimachilik sohasida kasbiy ta’limni, sanoatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.


Mehmonlar “Vobkent tola klaster” hamda “Ekvatorial chodak” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyati bilan ham tanishdi. Kasb-hunar maktabi va “Vobkent tola klaster” hamda “Ekvatorial chodak” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari o‘rtasida kadrlar tayyorlab berish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan hamkorlikni izchil rivojlantirish bo‘yicha kelishib olindi.
Bitimga ko‘ra, mazkur ishlab chiqarish korxonalari bilan kasb-hunar maktabi va undagi “Royal Garments” MCHJ o‘rtasida 2023–2024 o‘quv yilidan “Tikuvchi”, “Ip yigiruvchi” va “Tikuvchilikda andozalar tayyorlovchi” kasblari bo‘yicha dual ta’lim tizimi asosida mutaxassislar tayyorlanadi.


Mehmonlar o‘quv amaliy mashg‘ulotlar jarayoni, shuningdek, ta’lim muassasasida tashkil etilgan “Royal Garments” MCHJ ning tikuvchilik tarmog‘i, qolaversa, milliy zardo‘zlik sohasida faoliyat yuritayotgan “Hamroyeva Parvina” oilaviy korxonasida ham bo‘lishdi.

Mehmonlarning e’tirof etishicha, professional ta’lim tizimida xorij tajribasidan foydalanish juda muhim. Shu bois ushbu jarayonda dunyoning eng rivojlangan davlatlari, xususan, Germaniyaning ta’lim tizimida ixtisoslashgan sohaviy xizmatlari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani maqsadga muvofiq. Kasb-hunar maktablarida nazariy va amaliy bilimlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish, amaliyotga yo‘naltirilgan dual ta’lim tizimini joriy etish hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni o‘rgatish orqali o‘rta bo‘g‘inda raqabotbardosh mutaxassislar tayyorlash bunda asosiy maqsadga aylangan.
Zarif Komilov, O‘zA