Karting: O‘zbekiston ochiq turnirining sovrindorlari aniqlandi
Poytaxtimizdagi “Rohat” karting sport turiga ixtisoslashgan maydonda “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan karting bo‘yicha O‘zbekiston ochiq turnirining III bosqich musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada respublikamizning turli hududlaridan 60 nafardan ziyod sportchi “Mikro”, “Mini”, “Super mini”, “125 KADET”, “KZ”, “KF-OK”, “Patriot” (T4) va “Patriot” yo‘nalishlarida raqobatlashdi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, “Mini” guruhida Kirill Kon’yuxov (Toshkent), “Mikro”da Muhammadamin Azizov (Toshkent), “125 KADET”da Daniil Shevsov (Toshkent), “Super mini”da Matvey Mochalkin (Sirdaryo viloyati), “KF-OK”da Artyom Usheka (Toshkent viloyati), “KZ”da Ayder Haydarov (Toshkent viloyati), “Patriot” (T4)da Daniil Alimov (Toshkent), “Patriot” yo‘nalishida Jobir Rahmatullayev (Namangan viloyati) birinchi o‘rinni egalladi.

Jamoaviy hisobda poytaxtlik kartingchilar birinchi, Toshkent viloyati jamoasi ikkinchi, Namangan viloyati vakillari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar “Vatanparvar” tashkilotining diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA