Karmanada suv filtrlari ishlab chiqarilmoqda
So‘nggi yillarda yurtimizda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda natijadorligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bunda albatta, Prezidentimizning 2021 yil 2 apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal vazifasini bajarmoqda. Unga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish sohasida muqobil va ekologik toza energiya manbai – “yashil” vodorodni ishlab chiqarish, saqlash va qo‘llash bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni yaratish belgilangan.
Ushbu farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2021 yil avgust oyida Karmana tumanining Farhod mahallasida 1 ming 300 metr kvadrat maydonda teskari osmos texnologiyasi asosida suv filtrlarini ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilgan edi.

Quyosh energiyasi orqali suvni molekulyar darajada tozalaydigan “Inovatsion Vater Filters” innovatsion suv filtrlari ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 1 milliard 821 million so‘mni tashkil etib, 11 ta ishchi o‘rni yaratilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, erkak kishi uchun kunlik ichimlik suviga bo‘lgan talab 3,7 litr, ayol kishi uchun ichimlik suviga bo‘lgan talab 2,7 litr, yosh bolalar uchun o‘rtacha 1,8 litrni tashkil qiladi. Ushbu ma’lumotlar asosida 500 litr quvvatga ega bo‘lgan suv filtri bir kunda 18 soat ishlagan holda 900 ta xo‘jalikni kunlik ichimlik suvi bilan ta’minlay oladi.

– Asosiy maqsadimiz teskari osmos texnologiyasi asosida suv filtrlarini ishlab chiqarish orqali aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, – deydi loyiha rahbari, yakka tartibdagi tadbirkor Sohib Jumayev. – Vazirlik tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy asbob-uskunalar va ehtiyot qismlar xarid qildik. Hozirda jamiyatda soatiga 250 litrdan 100 ming litrgacha toza suv ishlab chiqarish quvvatiga ega teskari osmos texnologiyasi asosida suv filtrlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bir oyda 48-50 tagacha suv tozalovchi uskuna ishlab chiqariladi. Korxona tomonidan texnik xizmat ko‘rsatish ham tashkil qilingan. Buyurtmachi tashkilotlar, issiqxonalarga suv filtrlari o‘rnatish bilan birga, ularga texnik xizmat ham ko‘rsatiladi. Kelajakda respublikamizning barcha hududlarida suv filtrlariga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazlari ochish, yirik tashkilotlar bilan suv filtrlari sohasida hamkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish niyatimiz bor.
2022-2024 yillar mobaynida “Inovatsion Vater Filters” MCHJ tomonidan umumiy maydoni 75 gektar bo‘lgan jami 30 dan ortiq issiqxona xo‘jaliklariga teskari osmos suv filtrlari o‘rnatib berildi. O‘rnatilgan suv filtrlarining umumiy quvvati 150 kub metr/soatni tashkil etadi. Shuningdek, ushbu davrda buyurtmachilarga quvvati 500 litrdan 10 ming litrgacha bo‘lgan 260 dona suv filtri yetkazib berildi. Bundan tashqari, “Har bir oila tadbirkor” loyihasi doirasida ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga yakka tadbirkorlik sub’ektlariga teskari osmos texnologiyasi asosidagi suv filtrlari yetkazib berilib, 128 ta oilada tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratildi.
– Tomchilab sug‘orish tizimi o‘rnatilgan issiqxona xo‘jaliklarida 1 gektar maydonni sug‘orish uchun soatiga 2 ming litr toza suv ishlab chiqaradigan teskari osmos texnologiyasi asosida suv filtri kerak bo‘ladi, – deydi S.Jumayev. – Teskari osmos texnologiyali suv filtrlaridan issiqxona xo‘jaliklarida foydalanish natijasida hosildorlik 30-35 foizga oshadi. O‘simliklarning yetilish davri 20-30 foizga qisqaradi. Tuproqning sho‘rlanishi va eroziyaga uchrashi kamayadi. Mineral o‘g‘itlar sarfi 4-5 baravarga kamayadi.
Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan suv filtrlari maishiy xo‘jalik va ichimlik suvini, ya’ni yer ostidagi hamda sho‘r suvni tozalashga mo‘ljallangan. Bu esa toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri