“Karkidon” — Farg‘ona vodiysining yangi turizm maskanlaridan biri
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori hududida barpo etilayotgan ekoturizm majmuasida 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan madaniy-ko‘ngilochar tadbir va gala-konsert tashkil etildi.
Tadbirda viloyat hokimligi mutasaddilari, keng jamoatchilik va mehmonlar ishtirok etdi.
Bayram dasturi doirasida konsert dasturlari, sport musobaqalari, milliy o‘yinlar, bolalar uchun ko‘ngilochar tadbirlar hamda baykerlarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Ishtirokchilar suv havzasida qayiq sayrlarida qatnashib, hududning tabiiy manzaralari bilan tanishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida “Karkidon” suv ombori atrofidagi 250 gektar maydonda ekoturizm majmuasini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
[gallery-29780]
Bugungi kunga qadar hududda 57 ta mehmon uyi, 45 ta shale uyi, umumiy ovqatlanish maskanlari barpo etildi, shuningdek, mavjud dam olish maskanlari rekonstruksiya qilindi. Hududni ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida minglab manzarali daraxt va butalar ekildi.
Majmuada agroturizm, ekoturizm va faol dam olish yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan infratuzilma ob’ektlari ham tashkil etilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA