Karikatura – so‘zsiz, ammo jarangli tanqid
Karikatura – bu oddiygina kulgu emas, balki jamiyatdagi og‘riqli muammolarning ochiq ko‘rinishi, ba’zan esa boshqalar yurak yutib ayta olmaydigan haqiqatni shakl va obraz orqali ko‘rsatishga jur’at etadigan kuchli vosita. Ko‘p hollarda so‘zlar bilan yetkazib bo‘lmaydigan tanqid, karikatura orqali keskin, ammo kuchli estetik ifoda bilan aytiladi. Bugun ham bu san’at turi nafaqat jurnallarda, balki ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmayapti.
Hozirgi paytda jahon miqyosida yirik karikatura jurnallari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Misol uchun: “Charlie Hebdo”, “The Nyew Yorker”, “MAD” va boshqalar. Bunda jurnallar nafaqat maqolalar, balki chiroyli chizilgan yumoristik karikaturalari bilan mashhur. Ba’zilarida esa juda keskin va provokatsion karikaturalari bilan tanilgan.

O‘zbek jurnalistikasi tarixida karikatura san’atining alohida o‘rni bor. Ayniqsa, 1923 yilda Abdulla Qodiriy tashabbusi bilan yaratilgan “Mushtum” jurnalida bu san’at o‘zining oltin davriga kirgan edi. “Mushtum” jurnali satirik, hajviy yo‘nalishda chiqqan bo‘lib, unda chop etilgan karikaturalar o‘sha davrdagi ijtimoiy illatlar – poraxo‘rlik, savodsizlik, kamsitish, mansabparastlik kabi muammolarni ochiqchasiga fosh qilgan.
Bu karikaturalar ko‘pincha achchiq so‘zlar bilan emas, oddiy, ammo mazmunli rasmiy ifoda bilan muammoni tanqid qilgan. Bir ko‘rishda kulgili bo‘lib ko‘ringan obrazlar ostida esa butun bir jamiyatning iztirobi, tanqidiy nigohi yashiringan bo‘lgan. Abdulla Qodiriyning o‘zi bu yo‘nalishni “xalqni uyg‘otish, nohaqlikni ochib berish” deb ta’riflagan.

Mana zamon ham o‘zgardi. Bugun karikatura faqat qog‘ozda emas, ijtimoiy tarmoqlar, bloglar va raqamli jurnallarda ham mavjud. Biroq uning asosiy vazifasi – tanqid, xabardor qilish va ogohlik keltirish o‘zgarmadi. Ayniqsa, siyosiy va ijtimoiy masalalarda jamiyatning umumiy kayfiyatini ifodalovchi kuchli vosita bo‘lib qolmoqda.
Bugungi kunda karikatura san’ati erkin ifoda, senzura va ommaviy fikr shakllanishi muammolari bilan yuzma-yuz turibdi. Ammo bu san’atning hayotiyligi aynan shundadir. Qachonki qiyinchilik va bosim bo‘lsa, u yana jonlanadi, yana tilga kiradi.

Karikatura – bu faqat kulgu emas, bu jamiyat oynasi. U nafaqat muammolarni ochib beradi, balki ularni qanday ko‘rayotganimiz, qanday talqin qilayotganimiz haqida o‘ylashga majbur qiladi. Abdulla Qodiriy va “Mushtum” jurnali tomonidan boshlangan bu yo‘l hozir ham dolzarbligini yo‘qotmagan. Karikatura san’atining sub’ektiv, ammo samimiy va dadil pozitsiyada bo‘lish, jamiyatni uyg‘otishdagi o‘rni hozir ham beqiyos. Asosiysi, bu san’at har doim haqiqat tomonida turadi – so‘zsiz, biroq jarangli tanqid bilan.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA