Karatechilarimiz Jahon chempionatida ishtirok etmoqda
Shu kunlarda Turkiyaning Konya shahrida karate WKF bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar (U-21) o‘rtasida o‘tkazilayotgan Jahon chempionati bahslarida Xo‘jamqul Xo‘jaqulov murabbiyligidagi mamlakatimiz sportchilari ham g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
Murosasiz bahslarda yurtimiz sharafini Humoyunmirzo Xalimov, Jahongir Abdurazzoqov, Ixtiyorjon Abdulatipov, Islombek Ismatullayev, Zufarbek Jo‘rayev, Azimbek Xalilov kabi 20 nafar iste’dodli karatechilar himoya qilmoqda.
Mazkur nufuzli musobaqa bahslarini boshqarib borishda o‘zbekistonlik Azizbek Bo‘riyev va Bobur Davlatov hakam sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Kecha chempionat doirasida xalqaro toifadagi murabbiylik sertifikatiga ega bo‘lish uchun tashkil etilgan imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan yurtdoshimiz Xamdamjon Shodibekov «kata» va «kumite» bo‘yicha xalqaro toifadagi murabbiy guvohnomasiga ega bo‘ldi.
Joriy yil 26 oktyabrida boshlangan chempionatda 105 ta mamlakatning 1800 nafardan ziyod yosh karatechilari qatnashmoqda. Bugun bir qator yo‘nalishlarda saralash bahslari yakuniga yetadi.
29 oktyabr kuni nufuzli musobaqaning yarim final bahslari tashkil etilsa, 30 oktyabrda final janglari bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA