Karantindan chiqqanlar uyiga qaytdi
Karantin kuzatuvida boʻlganlar uchun zarur barcha sharoitlar yaratib berildi, ularning salomatligi tibbiyot xodimlari tomonidan doimiy kuzatib borildi.
“Doʻstlik” chegara posti orqali Qirgʻiziston Respublikasidan yurtimizga kirib kelgan va Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan 14 kunlik karantin kuzatuviga olingan 175 nafar fuqaroda kasallik aniqlanmaganligi bois, ularning oʻz uylariga qaytishi uchun ruxsat berildi.
Mutasaddilarning xabar berishicha, Andijon tumanidagi “Bogʻishamol” bolalar dam olish lagerida saqlangan ushbu fuqarolarning hech birida karantin davrida koronavirus alomatlari kuzatilmagan. 14 kunlik izolyatsiyadan soʻng ular tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi, maxsus apparatlar orqali laborator va boshqa diagnostik tahlillar olindi. Tekshiruv va tahlillar natijalariga koʻra, ularning birortasida ham kasallik alomatlari topilmadi.
Karantin kuzatuvida boʻlganlar uchun zarur barcha sharoitlar yaratib berildi, ularning salomatligi tibbiyot xodimlari tomonidan doimiy kuzatib borildi. Andijon tumani ichki ishlar boʻlimi va harbiylar tomonidan uzluksiz nazorat ostida boʻldi.
Karantindan kuzatilgan fuqarolar Andijon, Fargʻona, Namangan, shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida istiqomat qiluvchi shaxslar boʻlgan.
Viloyat hokimligi, sogʻliqni saqlash boshqarmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar koʻmagi bilan 127 nafar fuqaro maxsus avtomashinalarda oʻz uylariga joʻnab ketgan boʻlsa, 48 nafar fuqaro “Andijon” temiryoʻl vokzalidan maxsus poyezd orqali yashash manzillariga kuzatildi.
– Shifokorlarga, mutasaddilarga rahmat, – deydi karantin muddatini oʻtagan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanida yashovchi Muzaffar Davlatboyev. – Sogʻligimiz doimiy ravishda shifokorlar nazoratida boʻldi, oziq-ovqatdan aslo qiynalmadik, yashashimiz uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Shukr, bugun hammasi ortda qoldi. Bizga koʻrsatilgan bunday eʼtibor uchun avvalo, Prezidentimizga, hukumatimizga. qolaversa, shu ishga masʼul barcha insonlarga minnatdorlik bildiraman.
Kuzatish tadbirlari karantin hamda koronavirus infeksiyasining oldini olish boʻyicha belgilangan barcha tartib-qoidalar asosida tashkil etildi.
