Kanndagi Gran-pri sohiblari Buxoroda e’tirof etildi
Buxoroda mamlakatimiz kinematografiyasi uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan voqeaga bag‘ishlangan tantanali uchrashuv va film premerasi bo‘lib o‘tdi. Unda madaniyat va san’at ixlosmandlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, talabalar, yosh ijodkorlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy qahramonlari Fransiyaning Kann shahrida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro kinofestivalda yuksak muvaffaqiyatga erishgan buxorolik yosh rejissyorlar Suhrob Qodirov va Dilshodbek Usmonov bo‘ldi. Ularning mehnati, iste’dodi va ijodiy izlanishlari nafaqat Buxoro, balki butun O‘zbekiston ahlini faxrlantirgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida qatnashchilar e’tiboriga xalqaro kino jamoatchiligi tomonidan yuksak baholangan “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” qisqa metrajli badiiy filmi namoyish etildi. Film tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, ko‘pchilikning qalbiga yo‘l topdi.

Ma’lumki, joriy yilning may oyida Fransiyaning Kann shahrida bo‘lib o‘tgan “ENTRE DEUX CANNES” XVII xalqaro inklyuziv kinofestivalida mazkur film eng oliy mukofot Gran-pri sovriniga sazovor bo‘ldi. Mazkur festival dunyo kino san’atining eng mashhur anjumanlaridan biri bo‘lgan Kann kinofestivali doirasida, unga parallel tarzda o‘tkaziladigan mustaqil inklyuziv kinofestival hisoblanadi.
Festivalda Afrika, Amerika, Yevropa va Osiyoning turli mamlakatlaridan yuzlab kinoijodkorlar ishtirok etgan. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilgi kino mavsumi uchun 600 dan ortiq film taqdim etilgan bo‘lib, ularning atigi yigirmadan ortig‘i yakuniy saralash bosqichidan o‘tgan. Ana shu kuchli raqobat sharoitida o‘zbekistonlik yosh ijodkorlar tomonidan yaratilgan “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” filmi hakamlar hay’atining eng yuqori bahosiga munosib deb topildi.
Film Daun sindromi bilan tug‘ilgan Yusuf ismli bolaning hayot yo‘li haqida hikoya qiladi. Asarda uning musiqaga bo‘lgan beqiyos mehri, orzu-umidlari, hayotga muhabbati hamda onasi Zilolaning farzandi uchun olib borgan matonatli kurashi juda ta’sirchan va samimiy tarzda tasvirlangan.

Filmning eng muhim jihati shundaki, u tomoshabinni nafaqat bir bolaning taqdiri bilan tanishtiradi, balki mehr-muhabbat, sabr-toqat, inson qadri va imkoniyati cheklangan insonlarning jamiyatda munosib o‘rin egallashi kabi umuminsoniy qadriyatlar haqida chuqur o‘ylashga undaydi. Shu bois film xalqaro ekspertlar tomonidan nafaqat badiiy yechimlari, balki insonparvarlik g‘oyalari uchun ham yuksak baholandi.
Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, milliy kinematografiyani qo‘llab-quvvatlash, yosh iste’dodlarni kashf etish va ularning xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladilar.
Darhaqiqat, Kannda qo‘lga kiritilgan mazkur tarixiy g‘alaba o‘zbek kinosining xalqaro maydondagi nufuzi tobora oshib borayotganining yorqin isbotidir. Bu yutuq nafaqat ikki ijodkorning shaxsiy muvaffaqiyati, balki butun milliy kinematografiya maktabining yutug‘i sifatida baholanmoqda.

Mazkur muvaffaqiyat mamlakat rahbari tomonidan ham yuqori baholandi. Prezident farmoniga muvofiq, Gran-pri sohibi bo‘lgan yosh rejissyorlar Suhrob Qodirov va Dilshodbek Usmonov “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. Bu esa mamlakatimizda iste’dod va mehnat har doim munosib qadrlanishining yana bir yorqin namunasidir.
Tadbir davomida ijodkorlarga ehtirom ko‘rsatilib, ularning xalqaro maydondagi ulkan muvaffaqiyati alohida e’tirof etildi. Shuningdek, yig‘ilganlar uchun “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Shamsiqamar” filmining premerasi ham namoyish etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri