“Kamolot” kubogi Namanganda qoldi
Namanganda futbol bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Kamolot” kubogi” respublika turnirining final bosqichi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Namanganda futbol bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Kamolot” kubogi” respublika turnirining final bosqichi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.“Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz!” shiori ostida o‘tkazilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo, Jizzax, Namangan viloyatlari va Toshkent shahridagi kasb-hunar kollejlaridan 6 jamoa 2 guruhga bo‘lingan holda o‘zaro bellashdi.
Guruh bahslarida Namangan shahar Davlatobod yengil sanoat kasb-hunar kolleji jamoasi Nukus sport kolleji jamoasini 1:0, Yunus Rajabiy nomidagi Toshkent pedagogika kolleji jamoasini 2:1, yarim finalda Navoiy viloyatidagi Xatirchi agrobiznes kasb-hunar kolleji jamoasini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Jizzax tumani maishiy xizmat ko‘rsatish va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji jamoasi Termiz tumanidagi Yangiariq qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji jamoasini 5:1, Navoiy viloyati jamoasini 2:0, yarim finalda esa poytaxt vakillarini 4:2 hisobida yengdi.
Final uchrashuvida 2:0 hisobida zafar quchgan namanganlik yoshlar “Kamolot” kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Jizzaxlik futbolchilar kumush, Toshkent shahri jamoasi bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Turnir g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan marosimda Prezidentimizning 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
G‘olib va sovrindor jamoalar hamda “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi himoyachi”, “Eng yaxshi hujumchi”, “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyalari g‘oliblari viloyat hokimligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan munosib taqdirlandi.
Turnir taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi konsert va xalqaro musobaqalarda yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitayotgan sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari bilan yakunlandi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.