Kamol bobo niyozboshliklar faxri
18 yoshli yangiyoʻllik Kamol Rixsiboyev 1944-yil yanvar oyida Vatan himoyasiga otlangan edi.
Gʻalabaning 75 yilligiga
18 yoshli yangiyoʻllik Kamol Rixsiboyev 1944-yil yanvar oyida Vatan himoyasiga otlangan edi. Oʻsha paytda qanchadan-qancha yoshlar kabi u ham janggohlarda jasorat koʻrsatadi.
Armiyaga chaqirilgan K.Rixsiboyev dastlab harbiy tayyorgarlikdan oʻtib, soʻngra Ukrainaning Polsha bilan chegara hududida janglarda ishtirok etadi. 1945-yil boshida barcha jangchilar qatori u ham Germaniya chegarasida jang qiladi. Dushmanlar ustidan gʻolib qozongan jangchilar aynan oʻsha davlatning Hamburg shahrida gʻalabani nishonlaydi.
Garchi urush tugasa-da, K.Rixsiboyev boshqa tengdoshlari qatori yana xizmatni davom ettiradi. 1949-yilda unga Oʻzbekistonga qaytishga ruxsat beriladi. Yangiyoʻlga qaytgan vatandoshimiz dehqonchilikka mehr qoʻyadi. Uylanadi. Farzand tarbiyalaydi va ularning orzu-havasini koʻradi...
Bugun tabarruk 95 yoshli Kamol Rixsiboyev nafaqat Niyozbosh qishlogʻi ahli, balki yangiyoʻlliklarning faxri hisoblanadi. Otaxon farzandu nevaralari, evara-yu chevaralari mehri bilan bir qatorda hukumatimiz eʼzozu eʼtiborida. Ayniqsa, 9-may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kunida K.Rixsiboyev xonadoni mehmonlarga toʻlib ketadi. Otaxon ularga urush davrida oʻzbek oʻgʻlonlarining matonatli jangi, oʻsha paytdagi ogʻir hayot, yetishmovchiliklar haqida gapirar ekan, mahalladoshlarini, yoshlarni bugungi hayotning qadriga yetib yashashga undaydi.
– Vatan muqaddas, lekin har bir fuqaro uning qadriga yetib yashashi kerak, – dedi otaxon. – Xudoga beadad shukr, urushdan omon qaytdik, sobiq totalitar davrni koʻrdik. Va, nihoyat mustaqillik shukuhini ham his etyapmiz. Bu neʼmatning qanchalar totli va sharafli ekanini janggohlarda his etganman. Bugun ozod yurtda xalqimiz farovon va baxtiyor hayot kechirmoqda. Ilohim, Oʻzbekistonimizga koʻz tegmasin. Yana eng muhimi, biz, urush qatnashchilari Prezidentimiz, hukumatimiz eʼtiboridamiz. Oʻtgan yili davlatimiz rahbarining farmoni bilan Kislovodskda ikki hafta dam olib keldim. Yonimda oʻgʻlim bordi, menga koʻmak berishga. Buni qarangki, bu yil davlat rahbari urush qatnashchilari va nogironlarini oʻn million miqdorda moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha farmonga qoʻl qoʻyibdi. Bunday quvonchli xabardan boshim koʻkka yetdi. Biz, keksalarga koʻrsatgan hurmati uchun Prezidentimizni Yaratganning oʻzi qoʻllasin!
Darhaqiqat, mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni har yili oʻziga xos tarzda nishonlanib kelinadi. Ushbu sana munosabati bilan Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar xotirasi abadiylashtiriladi. Saflarimizda boʻlgan urush qatnashchilari va faxriylarimiz esa eʼzozlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 30-martda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni bu ishlarni tizimli tashkil etishda muhim hujjatdir. Ayni chogʻda yurtimizda bayramoldi mazkur farmon ijrosini taʼminlashga ham alohida eʼtibor berilmoqda.
– Hukumatimiz tomonidan yoshi ulugʻ kishilarga katta hurmat koʻrsatiladi, – dedi “Yangiyoʻl” gazetasi bosh muharriri Ahmadjon Rixsiboyev. – Qolaversa, otam kabi barcha urush qatnashchilariga qaratilayotgan bunday eʼtibordan behad xursandmiz. Prezidentimizning fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi nishonlanishi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha qabul qilingan farmoni ham ularga nisbatan yuksak eʼtirofdir. Oʻzim ham jurnalist sifatida ushbu hujjat ijrosi doirasida tumanimizda amalga oshirilayotgan ishlarni doimiy yoritib boraman. Gazetamizda ular hayotidan turkum materiallar berishni rejalashtirganmiz. Albatta, ularni eʼzozlash yoshlarimiz uchun ahamiyatli va oʻrnak boʻlgulik ishlardir.