Kamilla Rahimova «US Open-2026»ni g‘alaba bilan boshladi
«US Open-2026» turnirida O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi ilk davrada g‘alaba qozondi. Nufuzli musobaqada uning navbatdagi raqibi kim bo‘ladi?
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahrida tennis bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi «US Open-2026» turnirining ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida asosiy to‘rning birinchi davra uchrashuvlari boshlandi.
Musobaqaning ushbu bosqichida mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Kamilla Rahimova chexiyalik Barbora Kreychikovaga qarshi kortga chiqib, 7:6, 6:4 hisobida g‘alaba qozondi. Endi Kamilla Rahimova ikkinchi davrada ispaniyalik Oksana Selexmeteva va yaponiyalik Aoi Ito o‘rtasidagi uchrashuv g‘olibi bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 108 million AQSH dollarini tashkil etuvchi musobaqaning yakkalik bahslarida yana bir vakilimiz Mariya Timofeyeva ham ishtirok etmoqda. U birinchi davrada sloveniyalik Tamara Zidanshekka qarshi kortga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA